
JIDU rektori talabalarga O‘zbekistonning jahon jarayonlaridagi o‘rni haqida ma’ruza qildi
JIDU rektori talabalarga O‘zbekistonning jahon jarayonlaridagi o‘rni haqida ma’ruza qildi

Joriy yilning 27-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari ishtirokida bo‘lib o‘tgan navbatdagi ma’naviyat darsi “Biz O‘zbekiston va Jahon haqida gapiramiz” mavzusiga bag‘ishlandi. Asosiy ma’ruzachi sifatida Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev ishtirok etdi.
Tadbirda talabalarning siyosiy ongi va fuqarolik pozitsiyasini yuksaltirish hamda O‘zbekistonning xalqaro nufuzini anglashga oid muhim masalalar muhokama qilindi.
Ma’naviyat darsida professor-o‘qituvchilar, talaba yoshlar ishtirok etdilar. Tadbir avvalida ma’naviyat darslarining maqsadi — talabalarning dunyoqarashini kengaytirish, fuqarolik mas’uliyati va milliy o‘zligini anglash tuyg‘ularini mustahkamlash, shuningdek, jahonda kechayotgan siyosiy jarayonlar haqida chuqur bilim berish ekanligi ta’kidlandi.
Rektor S.Safoyev o‘z ma’ruzasida bugungi globallashuv sharoitida O‘zbekistonning xalqaro maydonda tutgan o‘rni, mamlakatimiz olib borayotgan tinchliksevar va ochiq tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari, xalqaro hamkorlik munosabatlarining yangi bosqichga ko‘tarilayotgani haqida atroflicha ma’lumot berdi. Shuningdek, jahon siyosatidagi dolzarb yo‘nalishlar, ularning mintaqa xavfsizligi va barqaror rivojlanishiga ko‘rsatayotgan ta’siri, hamda bu jarayonlarda yoshlarning faol ishtirok etishining ahamiyati haqida fikr yuritildi.
Talabalar bilan o‘zaro muloqot shaklida tashkil etilgan suhbatda yoshlarning xalqaro munosabatlar sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularda tahlil qilish madaniyatini shakllantirish hamda dunyo siyosiy voqealariga nisbatan mustaqil fikr bildirish qobiliyatini rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.
Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, O‘zbekistonning xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligi, mintaqaviy siyosiy jarayonlarda mamlakatimiz faoliyati, yosh mutaxassislarning global diplomatiyadagi o‘rni haqida qizg‘in fikr almashdilar.
Ma’naviyat darsi talabalarda milliy g‘urur, Vatanga sadoqat, jahon hamjamiyatidagi yurtimizning nufuzini yanada yuksaltirishga intilish ruhini kuchaytirishga xizmat qildi.



