JIDUda “Yoddan chiqmaslar” turkumi doirasida “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 5-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Yoddan chiqmaslar” turkumi doirasida “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning asosiy maqsadi — katta avlod vakillarining boy hayotiy tajribasi va ibratli faoliyatini yosh avlodga yetkazish, avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy rishtalarni mustahkamlash, yoshlarda Vatanga sadoqat, mehnatsevarlik, insonparvarlik va milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini yanada yuksaltirishdan iborat.
Uchrashuv davomida yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan, ko‘p yillik samarali mehnati bilan jamiyat hayotida munosib iz qoldirgan faxriylar o‘zlarining hayot yo‘li, mehnat faoliyati va hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Jumladan, ma’naviyat targ‘ibotchisi, jurnalist, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, mehnat faxriysi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, tarixchi olim I.Xaitov, mehnat faxriysi, professor, bir qator orden va medallar sohibi, iste’fodagi polkovnik G.Xushvaqov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Do‘stlik” ordeni sohibasi M. Adusamatova, mehnat faxriysi A.Dehkamбаев, “Do‘stlik” ordeni sohibasi, “Xalq ta’limi” a’lochisi, “Mehnat faxriysi” M.Irgasheva hamda Afg‘on urushi qatnashchisi, bir qator orden va medallar hamda 1-darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni sohibi T. Orazboyevlar yoshlarga o‘z hayotiy tajribalari va qimmatli tavsiyalarini yetkazdilar.
Tadbirda M.Ulug‘bek tumani hokimi maslahatchisi, Nuroniy jamg‘armasi raisi Hikmat Oktamov ham ishtirok etib, nuroniylarning jamiyat hayotidagi o‘rni, yosh avlod tarbiyasidagi mas’uliyati hamda avlodlar o‘rtasidagi hamjihatlikning ahamiyati haqida fikr bildirdi.
Tadbir doirasida universitet hayotidagi muhim tashabbuslardan biri — Universitetning “Qalqon” guruhi a’zolariga guvohnomalar topshirish marosimi ham tashkil etildi.
Marosimda guruh a’zolarining universitet hayotidagi faol ishtiroki, jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlashga ko‘maklashish, talabalar o‘rtasida mas’uliyat, intizom va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash borasidagi tashabbuslari e’tirof etildi. Guruh a’zolariga guvohnomalar tantanali ravishda topshirilib, ularning kelgusidagi faoliyatiga muvaffaqiyat va yangi marralar tilandi.
Faxriylar yoshlarni puxta bilim olishga, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashga, doimo izlanishda bo‘lishga, mehnatsevarlik va mas’uliyatni hayot mezoniga aylantirishga chaqirdilar. Shuningdek, Vatan ravnaqiga munosib hissa qo‘shish har bir insonning muqaddas burchi ekani ta’kidlandi.
Bunday uchrashuvlar yoshlar uchun katta avlod vakillarining hayotiy tajribasini o‘rganish, ulardan ibrat olish, shuningdek, avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.