Joriy yilning 24-aprel kuni Senat Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Timoti Smart bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, siyosiy muloqotni yanada faollashtirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, taʼlim va ilm-fan sohalaridagi aloqalarni chuqurlashtirish, shuningdek, madaniy-gumanitar va parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Uchrashuv davomida mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Tomonlar “Markaziy Osiyo – Buyuk Britaniya” muloqoti kabi formatlar muhim xalqaro va mintaqaviy masalalar bo‘yicha pozitsiyalarni yaqinlashtirishda samarali platforma bo‘lib xizmat qilayotganini qayd etdilar. Uchrashuv yakunida O‘zbekiston – Buyuk Britaniya munosabatlarini yanada rivojlantirish, ikki tomonlama hamkorlikni aniq amaliy mazmun bilan boyitish hamda parlamentlararo muloqotni izchil davom ettirishga tayyorlik bildirildi.
2026-yil 22-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Markaziy Osiyo yosh olimlar nigohida” nomli xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo'lib o'tdi. Xalqaro munosabatlar fakulteti tomonidan tashkil etilgan tadbirda yosh tadqiqotchilar, talabalar va akademik mutaxassislar ishtirok etdi. PhD Dildora Hakimova boshchiligidagi Akademik yozuv klubi a'zolari konferensiyada faol ishtirok etishdi va o’z bilimlarini aks ettiruvchi ilmiy maqolalarni taqdim etib, yuqori darajadagi akademik yozish mahoratini namoyish etdilar. Konferensiyada Markaziy Osiyo mintaqasiga oid bir qator dolzarb va muhim masalalar muhokama qilindi. Xususan, mintaqaviy hamkorlikdagi zamonaviy o'zgarishlar va tashqi ishtirokchilarning mintaqa rivojlanishiga ta'siriga alohida e'tibor qaratildi. Konferensiya yosh olimlar uchun fikr almashish, konstruktiv muloqotda ishtirok etish va Markaziy Osiyo bo'yicha akademik munozaralarga hissa qo'shish uchun muhim platforma yaratdi. Konferensiya yakunida barcha ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi. Konferensiya natijalari asosida tezislar to'plami nashr etilishi rejalashtirilgan.
2026-yil 23-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Xalqaro huquq” fakulteti, “Xalqaro huquq va ommaviy huquq fanlari” kafedrasi tomonidan “Inson huquqlari” o‘quv fani doirasida XIM fakulteti 3-bosqich talabalari uchun “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari: Xalqaro standartlar va milliy amaliyot” mavzusida mahorat darsi tashkil etildi. Tadbirda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining “Ijtimoiy ish” kafedrasi dotsenti, sotsiologiya fanlari doktori (DSc), O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi raisining strategik rejalashtirish bo‘yicha o‘rinbosari, nogironlik masalalari bo‘yicha xalqaro ekspert Abdullo Abduhamitovich Abduxalilov ma’ruza bilan ishtirok etdi. Mahorat darsi davomida Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning asosiy qoidalari, jumladan kamsitmaslik, teng imkoniyatlar, ochiqlik va inklyuziya tamoyillari atroflicha ko‘rib chiqildi. Shuningdek, maqbul moslashtirishni ta’minlash, qulay va to‘siqsiz muhit yaratish hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilishning samarali mexanizmlarini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ma’ruzachi ushbu sohadagi zamonaviy yondashuvlarni huquqiy, ijtimoiy va institutsional jihatlar nuqtayi nazaridan kompleks tahlil qilib, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlashda multidisiplinar yondashuv muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Tadbirning amaliy qismida nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarining buzilishi bilan bog‘liq vaziyatlar (keyslar) tahlil qilindi va ularni himoya qilish mexanizmlari, jumladan milliy institutlar hamda xalqaro tartibotlar muhokama etildi. Talabalar muhokamalarda faol ishtirok etib, inson huquqlari sohasidagi bilimlarini chuqurlashtirishga katta qiziqish bildirdilar. Tadbir yakunida ishtirokchilar olingan bilimlarning kelajakdagi kasbiy faoliyat uchun amaliy ahamiyatini alohida ta’kidladilar.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) nafaqat ta’lim maskani, balki jamiyatning ijtimoiy manzarasini ijobiy tomonga o‘zgartirishga hissa qo‘shayotgan yosh yetakchilarni tarbiyalaydigan muhim platformadir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan tashkil etilgan “VoiceUp-2026” inklyuziv oromgohi ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, yoshlar ovozini davlat miqyosida ilgari surishni maqsad qilgan. Mazkur loyiha doirasida 350 nafar nomzod orasidan saralangan eng faol 35 nafar ishtirokchi qatorida JIDU talabasi ham munosib o‘rin egalladi. Xalqaro huquq fakulteti 2-bosqich talabasi Zokirova Dilso‘z Olmos qizi oromgohda o‘zining ijtimoiy loyihalari va kreativ g‘oyalari bilan faol ishtirok etdi. Ta’kidlash joizki, uning ushbu yo‘nalishdagi faolligi izchil va tizimli faoliyat natijasidir. Jumladan, JIDUning 2026-yil 6-yanvardagi 1-2-UM-sonli buyrug‘iga asosan tashkil etilgan “Inklyuziv media klubi” hamda “Inklyuziv volontyorlar” guruhida media kontent muharriri sifatida samarali faoliyat olib bormoqda. Uning media sohasidagi tajribasi oromgoh davomida ijtimoiy masalalarni keng jamoatchilikka yetkazishda muhim ahamiyat kasb etdi. Oqtoshdagi uch kunlik muloqot va takliflar Joriy yilning 14–16-aprel kunlari Bo‘stonliq tumanidagi “Oqtosh” oromgohida tashkil etilgan uchrashuvlar davomida Dilso‘z quyidagi yo‘nalishlarda o‘z takliflarini ilgari surdi: — ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning huquqiy manfaatlarini ta’minlash; — jamiyatda inklyuzivlik madaniyatini media kontent orqali keng targ‘ib qilish; — davlat, jamiyat va yoshlar o‘rtasida samarali muloqot mexanizmlarini rivojlantirish. Zokirova Dilso‘z kabi faol talabalarimizning tashabbuslari JIDUning ijtimoiy mas’uliyat va inklyuziv rivojlanish borasidagi salohiyatini yaqqol namoyon etadi. Huquqiy bilim va media ko‘nikmalarni uyg‘unlashtirgan bunday yoshlar yurtimizda inklyuziv jamiyatni shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Talabamizga kelgusidagi faoliyati va yangi ijtimoiy loyihalarida muvaffaqiyatlar tilaymiz!
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetida Xalqaro huquq fakulteti 1-kurs talabalariga Toshkent davlat yuridik universiteti professori Yuldashev Aziz tomonidan Konstitutsiyaviy huquq fanidan “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati va Barqaror rivojlanish maqsadlari (SDG)” mavzusida ochiq ma’ruza o‘tkazildi. Ma’ruza davomida mahalliy davlat hokimiyati organlarining huquqiy maqomi, vakolatlari, xalq deputatlari Kengashlari va hokimliklar faoliyatini takomillashtirish masalalari atroflicha yoritildi. Shuningdek, aholi manfaatlarini ta’minlash, ochiqlik va shaffoflikni kuchaytirish, jamoatchilik nazoratini rivojlantirishning ahamiyati ta’kidlandi. Professor Yuldashev Aziz o‘z ma’ruzasida Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan belgilangan Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda mahalliy boshqaruv organlarining o‘rni beqiyos ekanini qayd etdi. Ayniqsa, sifatli ta’lim, gender tenglik, ekologik barqarorlik va kambag‘allikni qisqartirish kabi vazifalarni hal etishda hududiy boshqaruvning ahamiyati alohida ta’kidlandi. Mazkur ma’ruza talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi. Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar hamda ilmiy fikr almashdilar.
2026-yil 21-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida an’anaviy “UWED Career Week 2026” karyera haftaligining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir talabalarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish, shuningdek, ta’lim tizimi va mehnat bozori o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan. Haftalik doirasida talabalar va bitiruvchilar, davlat organlari, xususiy sektor, bank sohasi hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda. Tadbirda 40 dan ortiq yetakchi kompaniya va 20 ga yaqin davlat tashkilotining qatnashishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu esa kasbiy aloqalarni kengaytirish va ishga joylashish imkoniyatlarini yaratadi. Ochilish marosimi doirasida “Oliy ta’lim va mehnat bozorining transformatsiyasi” mavzusida panel muhokamasi tashkil etildi. Unda HR va inson resurslarini boshqarish sohasidagi yetakchi mutaxassislar, jumladan Yuliya Yakovleva, Viktoriya Tokova, Eddie Segal, Liliya Akhatova hamda Ra’no Hamidova ishtirok etdi. Panel muhokamasiga JIDUning raqamli transformatsiya va iqtisodiy masalalar bo‘yicha prorektori Muzaffar Jalolov moderatorlik qildi. Haftalikning asosiy tadbirlaridan biri — ikki kunlik bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi bo‘lib, unda: birinchi kuni xususiy va xalqaro kompaniyalar; ikkinchi kuni davlat tashkilotlari ishtirok etadi. Talabalar ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilish, dastlabki suhbatlardan o‘tish hamda kar’era imkoniyatlari haqida muhim ma’lumotlarga ega bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shuningdek, dastur doirasida o‘quv treninglari va workshoplar, “Startupers School” ochilishi, Jahon iqtisodiy forumi simulyatsiyasini o‘z ichiga olgan “Global Shapers Forum” hamda bank va korporativ sektor vakillarining mehmon ma’ruzalari tashkil etilishi rejalashtirilgan. “UWED Career Week 2026” karyera haftaligi talabalar uchun amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish, ularning raqobatbardoshligini oshirish va muvaffaqiyatli kasbiy faoliyat boshlashlari uchun muhim platforma hisoblanadi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) “Singapur tarixi va Yangi O‘zbekiston uchun saboqlar” mavzusida mahorat darsi bo‘lib o‘tdi. Unda Jorjtaun universiteti magistranti, Diplomatiyani o‘rganish instituti Banker-kollegiyasi ilmiy xodimi Nayjel Li ma’ruzachi sifatida ishtirok etdi. Tadbir “Xalqaro iqtisodiyot” kafedrasi tomonidan “Xalqaro iqtisodiyot va menejment” fakulteti 2-bosqich talabalari uchun “Makroiqtisodiyot” fani doirasida tashkil etildi. Ma’ruzada kafedra mudiri Laylo Toshpo‘latova hamda o‘qituvchilar Endryu Gundal va Hulkar Karimova qatnashdi. Nayjel Li o‘z nutqida Singapurning daromadi past mamlakatdan yuqori rivojlangan iqtisodiyotga aylanish jarayonini tahlil qilib berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Li Kuan Yuning pragmatik yetakchiligi, iqtisodiy ochiqlik, inson kapitaliga sarmoya kiritish va davlat institutlarining samaradorligi muvaffaqiyatning asosiy omillari bo‘lgan. Ma’ruzachi multikulturalizmning barqarorlikni ta’minlashdagi o‘rni, korrupsiyaga qarshi kurash siyosati, meritokratiya va “o‘z kuchiga tayanish” tamoyili asosidagi mudofaa masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, bu choralar milliy birlikni va institutlarga bo‘lgan ishonchni mustahkamlagan. O‘zbekiston bilan parallellar o‘tkazar ekan, ma’ruzachi tarixiy sharoitlardagi farqlarga qaramay, Singapur modelining asosiy tamoyillari — kuchli institutlar va sifatli boshqaruv Yangi O‘zbekistonning yanada barqaror rivojlanishi uchun foydali bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.
Joriy yilning 20-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Turk tili bayrami” ga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi. Tadbirda universitet rahbariyati, Turkiya Jumhuriyatining O‘zbekistondagi elchixonasi Ta’lim ishlari maslahatchisi Ebubekir Aydin, TİKA tashkilotining vakili Esin Acar Ergin, Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan TRTning vakili Erdog’an Topchu Toshkent shahridagi Turk Litseyi rahbari Firat Dursun va litsey o’qituvchilari, Toshkent shahar Mirzo Ulug’bek tumani ‘’Katta Qora Suv’’ MFY raisi Naima Jabbarova, universitet professor-o‘qituvchilari, talabalari va ota-onalar ishtirok etdilar. JIDU Akademik ishlari bo’yicha birinchi prorektor Umarov Akram Azamatovich o‘zining tabrik so‘zi bilan tadbirni ochib berdi. U o‘z nutqida hozirgi kunda O‘zbekistonlik yoshlar orasida, bundan tashqari universitetimizda ham turk tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish tobora ortib borayotganligini ta’kidlab o‘tdi. Shu bilan birga O‘zbekiston rahbariyati Turkiya bilan har tomonlama aloqalarni, jumladan ta‘lim sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish hamda Turkiyaning yetakchi universitetlari bilan hamkorlik munosabatlarni rivojlantirishga alohida e‘tibor qaratganligini ta‘kidladi. Turkiya Jumhuriyatining O‘zbekistondagi elchixonasi Ta’lim ishlari maslahatchisi Ebubekir Aydin o‘z nutqida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi samaralihamkorlik istiqboli va bu munosabatlarning muhim jihatlari haqida aytib o‘tdi. Bayram tadbiri davomida elchi JIDU universiteti talabalarining “Turk tili bayrami” tadbirida faol qatnashishlarini ko‘rib, turk tiliga qiziqishi ortib borayotganligini yana bir bor alohida ta‘kidladi. Tadbir dasturi yorqin va unutilmas taqdimotlar, taniqli turk shoirlari she‘rlaridan parchalar, milliy va zamonaviy raqslar, klassik va jo‘shqin zamonaviy qo‘shiqlar, qiziqarli sahna ko’rinishlariga boy bo‘ldi. Tadbir yuqori saviyada va ko’tarinki ruhda o‘tdi, bunday tadbirlar turk tili o‘rganayotgan talabalarni ruhlantiradi va davlatlararo munosabatlarni yaxshilashga xizmat qiladi.