
Baronessa Saida Varsi JIDU talabalari bilan uchrashuv o‘tkazdi
Baronessa Saida Varsi JIDU talabalari bilan uchrashuv o‘tkazdi

Joriy yilning 29-sentabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) Buyuk Britaniya Lordlar palatasi a’zosi, huquqshunos va jamoat arbobi baronessa Saida Varsini qabul qildi. Mehmon talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazib, tashqi siyosat, parlament diplomatiyasining o‘rni, yoshlar yetakchiligi va yangi texnologiyalarning ta’siri haqidagi savollarga javob berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev, Akademik ishlari bo‘yicha birinchi prorektor Akram Umarov va ma’muriyatning boshqa vakillari ishtirok etdilar. Tadbirni ochar ekan, S.Safoyev baronessa Varsining tarjimai holi va faoliyatidagi muhim bosqichlarni taqdim etdi, uning Buyuk Britaniya hukumati va jamoat tashabbuslaridagi tajribasini alohida ta’kidladi.
Baronessa Varsi talabalar oldida so‘zga chiqib, Markaziy Osiyoning xalqaro kun tartibidagi ahamiyatini ta’kidladi va ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda parlament vositalarining - partiyalararo guruhlar, so‘rovlar va diplomatlar bilan muloqotning amaliy rolini ko‘rsatib o‘tdi: “Biz, parlament a’zolari, vazirlarning e’tiborini jalb qilishimiz va mazmunli suhbatlar uchun maydonchalar yaratishimiz mumkin”.
Professor-o‘qituvchilar va talabalarning savollariga javob berar ekan, baronessa uzoq davom etgan nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilish, xalqaro munosabatlarda hisobdorlikning ahamiyati va fuqarolik ishtirokining qadriyatlariga to‘xtalib o‘tdi. Yoshlarga murojaat qilar ekan, u shaxsiy mas’uliyat va onglilikka urg‘u berdi: “Nima uchun degan savolga javob berishdan boshlang - maqsad bo‘lsa, qolgan hamma narsa o‘z-o‘zidan tartibga keladi”. Texnologiyalar muhokamasida u davrning asosiy muammosini: “Sun’iy intellektdan eng yaxshisini qanday olish va bir vaqtning o‘zida xavflarni boshqarish” ekanligini ta’kidlab, sun’iy intellektning bilim olish va ta’lim samaradorligini oshirish vositasi sifatidagi salohiyatini qayd etdi.
JIDU rektori Sodiq Safoyev mehmonga mazmunli suhbat uchun minnatdorchilik bildirib, akademik va ma’rifiy tashabbuslar bo‘yicha kelgusida hamkorlik qilishga tayyorligini izhor etdi: “Keling, birgalikda ishlaylik”, - deya u manfaatlar mushtarakligi va ekspert almashinuvlarining qadrli ekanini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun: Baronessa Saida Varsi - huquqshunos, tadbirkor va Buyuk Britaniya Lordlar palatasi a’zosi; Buyuk Britaniya Vazirlar Mahkamasi tarkibidagi birinchi musulmon ayol. Turli yillarda u Portfelsiz vazir, Konservativ partiya hamraisi, Tashqi ishlar bo‘yicha katta vazir va Din va jamoalar masalalari vaziri lavozimlarida ishlagan; “The Enemy Within: A Tale of Muslim Britain” (2017) va “Muslims Don’t Matter” (2024) kitoblari muallifi.