JIDU talabalari uchun mahorat darsi tashkil etildi

JIDU talabalari uchun mahorat darsi tashkil etildi

    JIDU talabalari uchun mahorat darsi tashkil etildi

    JIDU talabalari uchun mahorat darsi tashkil etildi

    Joriy yilning 24-sentabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Xalqaro munosabatlar fakulteti 2-bosqich talabalari uchun “Siyosat va OAV” fani doirasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining mas‘ul xodimi S.Sh. Azizov tomonidan ochiq mahorat darsi o‘tkazildi.

    Ma’ruzada S.Azizov Tashqi ishlar vazirligining tuzilishi va faoliyati haqida batafsil ma’lumot berib, uning funksional bo‘linmalari faoliyatini yoritdi hamda O‘zbekistonning xorijdagi elchixona va konsulliklari, shuningdek, mamlakat ichidagi konsullik muassasalarining o‘rni va vazifalarini tushuntirib berdi. Shuningdek, u madaniy diplomatiya, gumanitar aloqalar va ommaviy axborot vositalarining davlatning xalqaro imijini shakllantirishdagi o‘rni masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

    O‘zining boy kasbiy tajribasiga tayangan holda, S. Azizov “Siyosat va OAV” fanida o‘rganilayotgan bilimlarning amaliy ahamiyatini ta’kidladi va ularning real diplomatik amaliyotda qanday qo‘llanilishini ko‘rsatib berdi.

    Mazkur uchrashuv talabalar uchun nazariy bilimlarni amaliy misollar bilan boyitish, o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berish va professional javoblar olish imkonini berdi. Bunday tadbirlar universitetning davlat idoralari bilan hamkorligini mustahkamlashga hamda xalqaro munosabatlar sohasida bo‘lajak mutaxassislarning kasbiy tayyorgarligini oshirishga xizmat qiladi.