BRM 4, 10 va 16: “Hech kimni ortda qoldirmaslik” – talabalar Barqaror rivojlanish maqsadlari va inson huquqlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rgandi

    2026-yil 13-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Inson huquqlari” fani doirasida “Barqaror rivojlanish maqsadlari va inson huquqlari” mavzusida dars mashg‘uloti o‘tkazildi. Mashg‘ulotni Xalqaro huquq va ommaviy huquq fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi, PhD V.I. Toshmatova olib bordi.

    Darsda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2015-yilda qabul qilingan “Dunyomizni o‘zgartirish: 2030-yilgacha bo‘lgan Barqaror rivojlanish kun tartibi”ning mazmun-mohiyati, unda belgilangan 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadi va ularning inson huquqlarini ta’minlash bilan uzviy aloqasi ilmiy-huquqiy jihatdan tahlil qilindi. Xususan, kambag‘allikka barham berish (BRM 1), sog‘lom turmush va farovonlik (BRM 3), sifatli ta’lim (BRM 4), gender tengligi (BRM 5), tengsizlikni qisqartirish (BRM 10) hamda tinchlik, adolat va samarali institutlar (BRM 16) kabi maqsadlarning inson asosiy huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarishdagi o‘rni alohida ko‘rib chiqildi.

    Barqaror rivojlanish kun tartibining asosiy tamoyillaridan biri – “Hech kimni ortda qoldirmaslik” (Leave No One Behind) tamoyili inson huquqlarining universalligi, tenglik va kamsitmaslik prinsiplari bilan bog‘liq holda tahlil qilindi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari huquqlarini ta’minlash, teng imkoniyatlar yaratish hamda davlatlarning barqaror rivojlanish sohasidagi majburiyatlari yuzasidan fikr almashildi.

    Mashg‘ulot interaktiv shaklda tashkil etilib, savol-javob, muammoli vaziyatlar tahlili, munozara va amaliy misollarni muhokama qilish usullaridan foydalanildi. Talabalar Barqaror rivojlanish maqsadlarining amalga oshirilishini inson huquqlari nuqtayi nazaridan baholab, ularni tegishli xalqaro standartlar bilan bog‘ladilar.

    Dars yakunida barqaror rivojlanish va inson huquqlarini ta’minlash o‘zaro bog‘liq va bir-birini to‘ldiruvchi jarayonlar ekani ta’kidlandi: Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish nafaqat iqtisodiy va ijtimoiy ko‘rsatkichlarni yaxshilashni, balki inson qadr-qimmati, tenglik, adolat va kamsitmaslikni amalda ta’minlashni ham talab etadi.