
JIDUda Fransiyadan taklif qilingan mutaxassis o‘quv jarayoniga jalb etildi
JIDUda Fransiyadan taklif qilingan mutaxassis o‘quv jarayoniga jalb etildi

Fransuz tili ta’limining sifatini oshirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti va Toshkent fransuz alyansi (Alliance Française de Tachkent) o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik shartnomasi imzolangan. Mazkur kelishuv doirasida Fransiyadan JIDU o‘quv jarayoniga xorijlik mutaxassis – Fransiyaning Parij Sorbonna universiteti bitiruvchisi Gaspard Barthélemy jalb etildi.
Mutaxassisning universitetga tashrifi doirasida tanishtirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Akademik ishlar bo‘yicha birinchi prorektor A. Umarov, Toshkent fransuz alyansi direktori D.Axmedov, Romano-German tillari kafedrasi mudiri V.Mamatkasimova hamda Xalqaro akademik hamkorlik ofisi boshlig‘i G.Mirhalilova ishtirok etdilar. Uchrashuv davomida hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari, xorijiy tajribani amaliyotga joriy etish imkoniyatlari hamda fransuz tili ta’limining yangi metodikalari muhokama qilindi.
Hamkorlik shartnomasiga muvofiq, o‘quv jarayonida xorijlik o‘qituvchi ishtirokida amaliy mashg‘ulotlar, seminarlar, til madaniyati bo‘yicha mahorat darslari hamda madaniy tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
JIDU rahbariyati ushbu tashabbusni ta’lim sifatini oshirish, xalqaro tajribani o‘rganish va talabalar uchun madaniyatlararo muloqot imkoniyatlarini kengaytirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholadi.



