
JIDU talabalari “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” davlat muzeyiga tashrif buyurishdi
JIDU talabalari “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” davlat muzeyiga tashrif buyurishdi

Joriy yilning 18-sentabr kuni talaba yoshlarning siyosiy qatagʻon qurbonlari hayoti va faoliyati bilan yaqindan tanishish, ularning yurt ravnaqi yoʻlida qilgan fidokorona xizmatlarini yodga olish, milliy xotira va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” davlat muzeyiga tashrifi tashkil etildi.
Mazkur tashrif davomida talabalar muzey ekspozitsiyalari bilan tanishib, 1937–1938-yillardagi og‘ir tarixiy jarayonlar, o‘sha davrda begunoh qurbon bo‘lgan yurtdoshlarimizning hayoti va faoliyati haqida keng ma’lumotga ega bo‘ldilar. Shuningdek, qatagʻon yillarida o‘z millatiga, ilm-fanga, adabiyotga beqiyos hissa qoʻshgan ma’rifatparvar ziyolilar – Abdulla Qodiriy, Fitrat, Choʻlpon kabi millat fidoyilari haqida ham chuqur mulohazalar yuritildi.
Tadbir davomida talabalarga qatagʻon davrining tarixiy saboqlari, bugungi tinch va erkin hayotning qadriga yetish, milliy o‘zlikni anglash va uni asrab-avaylash zarurati haqida tushuntirish ishlari olib borildi.
Bunday tashriflar yosh avlodni vatanparvarlik, tarixiy xotira va hurmat, ma’naviy yetuklik ruhida tarbiyalashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Tadbir davomida JIDU Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori O. Yusupdjanov so‘zga chiqib, bugungi tinch hayotimiz poydevorida o‘tmishdagi jasorat va fidoiylik namunalari yotganini alohida ta’kidlab, quyidagi fikrlarni bildirdi:
“Bugungi tinchlik va taraqqiyot fidoyisi ajdodlarimiz xotirasini yod etib, ularning ma’rifiy merosini chuqur o‘rganish va yosh avlodga yetkazish bilan chambarchas bog‘liq. Talabalarning bunday tashrifi ularni tarixiy xotira va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim qadamdir”.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori B. Hasanov so‘zga chiqib, yosh avlodga tarixni chuqur o‘rganish, milliy o‘zlikni anglash va o‘tmishdan saboq chiqarish zarurligi haqida ta’sirli nutq so‘zladi. U o‘z chiqishida:
“Millat fidoyilarining ruhi bizning or-nomusimizdir. Ularning xotirasini asrash – bu bizning tarixiy va ma’naviy burchimizdir”, — deya ta’kidladi.
Tadbirda universitet professor-o‘qituvchilari, tyutorlar va faol talaba-yoshlar ham qatnashib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Bunday tashriflar yoshlarni tarixiy xotira, vatanparvarlik, adolatga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.