
JIDU magistranti Raisina-IE Global Student Challenge 2026 tanlovida ishtirok etdi
JIDU magistranti Raisina-IE Global Student Challenge 2026 tanlovida ishtirok etdi

Joriy yilning 5-mart kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Suv diplomatiyasi” mutaxassisligi magistranti Sanjar R. Safarov Hindistonning Yangi Dehli shahrida bo‘lib o‘tgan nufuzli Raisina-IE Global Student Challenge 2026 tanlovida ishtirok etib, Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan O‘zbekiston vakili sifatida qatnashdi.
Observer Research Foundation (ORF) va IE University hamkorligida tashkil etilgan ushbu xalqaro tashabbus dunyoning 8 ta mintaqasi 84 ta eng TOP Universitetidan 84 nafar iqtidorli talabani jamlab, ularni sun’iy intellektning fuqarolar hamda harbiy maqsadlarda foydalanish bo‘yicha muhokamalarga jalb etdi.
Sanjar R. Safarov yetakchi universitetlarning iqtidorli talabalaridan iborat global konferensiyada faol ishtirok etdi. U xalqaro muhokamalarda o‘z fikrlarini bildirdi hamda hozirgi dunyodagi sun’iy intellektning rivojlanayotgan davlatlar ta’lim tizimida foydalanish bo‘yicha innovatsion yechimlar taklif qildi. Uning ishtiroki O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi rolini mustahkamlashga va yosh mutaxassislarning diplomatiya hamda xalqaro siyosat sohasida faol ishtirokini ta’minlashga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun. Raisina-IE Global Student Challenge 2026 Hindistonning eng nufuzli geosiyosat va geoiqtisodiyot bo‘yicha anjumani – Raisina Dialogue doirasida bo‘lib o‘tdi. O‘zining 11-yilligini nishonlagan mazkur tadbirni Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi hamda Finlandiya Prezidenti Aleksandr Stubblar birgalikda ochib berdi. Joriy yilgi tanlov “Yangilangan global boshqaruv masalasida turli qarashlarni birlashtirish: Sun’iy intellekt” mavzusiga bag‘ishlanib, SIning davlat boshqaruvidagi o‘rni va raqamli muammolar kabi dolzarb global masalalarni muhokama qilishga qaratildi.




