
JIDU vakili “Yozgi institut” xalqaro loyihasida ishtirok etdi
JIDU vakili “Yozgi institut” xalqaro loyihasida ishtirok etdi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Siyosatshunoslik” kafedrasi katta o‘qituvchisi Madina Abdullayeva 2025-yil 27-iyuldan 10-avgustgacha Moskva shahrida Rossiya davlat gumanitar universitetida o‘tkazilgan “Yozgi institut” xalqaro loyihasida ishtirok etdi.
Loyiha 2023-yildan boshlab Rossiya Fan va oliy taʼlim vazirligi hamda Rossiya davlat gumanitar universiteti qoshidagi “Ijtimoiy markaz” Federal davlat avtonom muassasasi tashabbusi va koʻmagida dunyoning turli mamlakatlari va mintaqalaridan yosh oʻqituvchilar va tadqiqotchilar uchun amalga oshirilmoqda. Loyihaning maqsadi xorijiy tadqiqotchilar va o‘qituvchilarni Rossiyaning zamonaviy ilmiy va ta’lim muhiti bilan tanishtirish, hamda xalqaro ilmiy va ta’lim sohasidagi hamkorlikni faollashtirishdan iborat.
“Yozgi institut – 2025” ishtirokchilari “Yevroosiyo makonidagi tarixiy jarayonlar: tadqiqot metodologiyasi va yangi yondashuvlar” malaka oshirish dasturi bo‘yicha ikki haftalik treningdan o‘tdi.
Dastur Rossiyaning yetakchi gumanitar ekspertlari tomonidan ma’ruzalar, seminarlar, davra suhbatlari va mahorat darslaridan tashkil topdi. RDGU bilan bir qatorda dastur ishtirokchilarini loyihaning hamkor universitetlari: Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining tarix fakulteti, Tver davlat universiteti va L. N. Tolstoy nomidagi Tula davlat pedagogika universiteti qabul qildi.
Dastur shuningdek, Rossiya poytaxtining diqqatga sazovor joylariga sayohat va Moskva muzeylariga tashrif, qadimiy shaharlarga ekskursiyalar, jadal rivojlanayotgan Tver va Tula viloyat markazlari bilan tanishtiruv kabi boy madaniy komponentni o‘z ichiga oldi.
Dastur yakunlangach, ishtirokchilarga RDGUda malaka oshirganlik to‘g‘risida sertifikatlar, shuningdek, hamkor universitetlarda amaliyot o‘taganlik sertifikatlari topshirildi.