
JIDUda Temuriylar diplomatiyasi sammiti bo‘lib o‘tdi
JIDUda Temuriylar diplomatiyasi sammiti bo‘lib o‘tdi

2026-yil 16-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Temuriylar Diplomatiyasi Sammiti” bo‘lib o‘tdi. “Samarqand Sulhnomasi – 1404 yil” nomi ostida tashkil etilgan ushbu tarixiy-diplomatik simulyatsiya loyihasi yoshlarni Temuriylar davri diplomatiyasi, davlatchilik an’analari hamda xalqaro munosabatlar merosi bilan yaqindan tanishtirishga qaratildi.
Sammit universitet Yoshlar ishlari ofisi tashabbusi bilan Diplomatic Synergy klubi hamkorligida tashkil etildi. Tadbirda universitetning 30 nafardan ortiq talaba-delegatlari, tarix va xalqaro munosabatlar sohasi vakillari hamda ekspertlar ishtirok etdi.
Loyihaning asosiy maqsadi yoshlarda tarixiy tafakkur, diplomatik madaniyat va muzokara olib borish ko‘nikmalarini shakllantirish, shuningdek, Oʻzbekistonning boy diplomatik merosini zamonaviy xalqaro munosabatlar kontekstida chuqurroq anglashga xizmat qilishdan iborat bo‘ldi. Simulyatsiya davomida ishtirokchilar XIV–XV asr davlatlari vakillari sifatida muzokaralar olib borib, savdo aloqalari, yo‘l xavfsizligi, ilm-fan almashinuvi, diplomatik munosabatlar hamda harbiy hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.
Sammitning ochilish marosimida universitetning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Yusupdjanov Odil Abdugafurovich so‘zga chiqib, loyiha yoshlarning ajdodlar merosini chuqur his etishi hamda Sohibqiron davridagi buyuk diplomatiya an’analarini zamonaviy qarashlar asosida anglashida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. U, shuningdek, bunday tashabbuslar kelajak diplomatlari va xalqaro munosabatlar mutaxassislarini tayyorlashda muhim o‘rin tutishini qayd etdi.
Tadbir doirasida qator nufuzli olim va ekspertlar ilmiy ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori, professor Sanjar Gʻulomov Temuriylar davridagi diplomatiya va tashqi aloqalar mavzusida ma’ruza qildi.
Shuningdek, Temuriylar tarixi davlat muzeyi yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi, professor Abdumajid Madraimov XV asr davlatlari o‘rtasidagi elchilik an’analari va sulh muzokaralari tarixiga bag‘ishlangan taqdimot bilan qatnashdi.
Sammit yakunida delegatlar tomonidan “Samarqand Sulhnomasi – 1404 yil” nomli yakuniy hujjat qabul qilindi. Tadbir so‘ngida barcha ishtirokchilar sertifikat va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi, faol delegatlar esa alohida nominatsiyalar bo‘yicha rag‘batlantirildi.
“Temuriylar Diplomatiyasi Sammiti” Oʻzbekistonda tarixiy diplomatiya va xalqaro munosabatlar ta’limiga innovatsion yondashuv sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur loyiha yoshlarda liderlik, diplomatik tafakkur, muzokarachilik va ko‘p tomonlama hamkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Sammit, shuningdek, Oʻzbekistonning boy tarixiy merosi va buyuk diplomatik an’analarini keng targ‘ib etishga qaratilgan muhim ta’limiy-ma’rifiy tashabbus sifatida e’tirof etildi.
| Sana: | 16.05.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 124 |
| Ulashish: |




