
JIDU talabalari Hankuk chet tillar universitetida (Koreya Respublikasi) almashinuv dasturini muvaffaqiyatli tamomladilar
JIDU talabalari Hankuk chet tillar universitetida (Koreya Respublikasi) almashinuv dasturini muvaffaqiyatli tamomladilar

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti xalqaro hamkorlik doirasida yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan akademik almashinuv dasturlarini samarali amalga oshirib kelmoqda.
JIDUning Xalqaro iqtisodiyot va menejment fakulteti 3-bosqich talabalari Narzilloyeva Nozliya, G‘oyipova Zuxra va Uktamova Adeliya 2024-2025-o‘quv yilining bahorgi semestrida Koreya Respublikasining nufuzli oliygohlaridan biri - Hankuk chet tillar universitetida (Hankuk University of Foreign Studies, HUFS) talabalar almashinuvi dasturi doirasida tahsil oldilar.
Ushbu dastur talabalar uchun nafaqat yangi akademik bilim manbai, balki xalqaro muhitda faoliyat yuritish ko‘nikmalarini shakllantiruvchi noyob imkoniyat bo‘lib xizmat qildi. Talabalar Koreya ta’lim tizimining o‘ziga xos jihatlarini bevosita tajriba asosida o‘rgandilar. HUFSning ko‘p tarmoqli o‘quv dasturlari xorijlik talabalar uchun moslashtirilgan bo‘lib, global muammolar va mintaqaviy tahlillarni o‘z ichiga olgan fanlarni taklif etdi. Akademik bilimlar bilan birga, talabalar madaniyatlararo muloqot, til amaliyoti kabi sohalarda ham sezilarli yutuqlarga erishdilar.
O‘quv semestri davomida talabalar ishtirok etgan mashg‘ulotlar zamonaviy va interaktiv usullar asosida olib borildi. Talabalar HUFSda o‘tkazilgan madaniy tadbirlar, xalqaro talabalar festivali, til almashinuvi dasturlari va turli ekskursiyalar orqali Koreya jamiyati va urf-odatlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Semestr davomida Xalqaro talabalar tashkiloti (International Students Organization, ISO) tomonidan tashkil etilgan turli tadbirlarda JIDU talabalari faol ishtirok etib, Koreyaning madaniyati va an’analari haqida chuqur bilimlarga ega bo‘ldilar.
O‘zbekiston va Koreya talabalari o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlikda amalga oshirilgan loyihalar va madaniy almashinuvlar esa ushbu tajribani yanada unutilmas qildi. Ushbu semestr, shubhasiz, JIDU talabalarining intellektual va madaniy salohiyatini boyitishga xizmat qildi.