
JIDUda Massachusets Texnologiya Instituti professori Vibke Deneke bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
JIDUda Massachusets Texnologiya Instituti professori Vibke Deneke bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 16-iyul kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) AQShning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Massachusets Texnologiya Instituti (Massachusetts Institute of Technology, MIT) professori, “MIT Global Humanities” tashabbusi asoschisi va direktori Vibke Deneke bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
JIDU rektori Sodiq Safoyev bilan o‘tkazilgan muloqot davomida sun’iy intellekt texnologiyalarini diplomatiya va ta’lim sohalarida qo‘llash, raqamli gumanitar tadqiqotlarni rivojlantirish hamda JIDU va MIT o‘rtasidagi ilmiy-akademik hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida professor Vibke Deneke “MIT Alliance for Culturally Grounded AI” tashabbusini taqdim etdi. Mazkur tashabbus hamkor mamlakatlarning tarixiy, til va madaniy merosiga tayangan holda madaniy jihatdan asoslangan sun’iy intellekt tizimlarini rivojlantirishga qaratilgan. Shu bilan birga, O‘zbekistonning boy sivilizatsion merosi, ilmiy an’analari va ko‘p vektorli tashqi siyosati xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim asos ekani alohida ta’kidlandi.
Tomonlar sun’iy intellekt, raqamli gumanitar fanlar va innovatsion ta’lim yo‘nalishlarida qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, ekspertlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda xalqaro ilmiy-amaliy tadbirlarni birgalikda tashkil etish istiqbollarini muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida JIDU va MIT o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish hamda ta’lim va ilm-fan sohasidagi o‘zaro aloqalarni mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklari qayd etildi.




