
SDG MUN: Global muloqot va barqaror yechimlar uchun platforma
SDG MUN: Global muloqot va barqaror yechimlar uchun platforma

Joriy yilning, 6-may kuni Barqaror rivojlanish maqsadlariga (Sustainable Development Goals) bag‘ishlangan SDG MUN - Birlashgan Millatlar Tashkiloti modeli bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir nafaqat Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari, balki boshqa oliy ta’lim muassasalari vakillarini ham birlashtirib, keng qamrovli va interaktiv muloqot maydonini yaratdi. Tadbir Xalqaro iqtisodiy munosabatlar kafedrasi o‘qituvchisi S.X.Kushbakova hamda Siyosatshunoslik kafedrasi o‘qituvchisi M.A.Abduraxmanova ko‘magida tashkil etildi.
Simulyatsiya doirasida ishtirokchilar turli davlatlar delegatlari sifatida qatnashib, ularning manfaatlari va pozitsiyalarini himoya qildilar. Asosiy maqsad global muammolarni muhokama qilish va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun samarali yechimlar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.
Sessiyalar davomida delegatlar muzokaralar olib bordilar, rezolyutsiyalar ishlab chiqdilar hamda iqlim o‘zgarishi, kambag‘allikni kamaytirish, sifatli ta’lim va barqaror iqtisodiy o‘sish kabi muhim masalalar bo‘yicha konsensusga erishishga harakat qildilar. SDG MUN diplomatiya, tanqidiy fikrlash va xalqaro hamkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun muhim platformaga aylandi. Ishtirokchilar global tashabbuslar ustida birgalikda ishlash va muzokaralar olib borish bo‘yicha noyob tajriba orttirdilar.
Bunday tadbirlarning o‘tkazilishi zamonaviy muammolarga yechim topa oladigan va barqaror rivojlanishga hissa qo‘sha oladigan yangi avlod yetakchilarini shakllantirishga xizmat qiladi.




