
JIDU Yozgi maktabi ishtirokchilari uchun bolalar huquqi mavzusida o‘quv-seminar mashg‘uloti o‘tkazildi
JIDU Yozgi maktabi ishtirokchilari uchun bolalar huquqi mavzusida o‘quv-seminar mashg‘uloti o‘tkazildi

Joriy yilning 15-iyul sanasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Yuridik klinikasida JIDU Yozgi maktabi ishtirokchilari uchun “Bola huquqlari: xalqaro va milliy qonunchilik hamda amaliyot” mavzusida o‘quv-seminar mashg‘uloti tashkil etildi. Ushbu tadbir yoshlarning bola huquqlari sohasidagi bilimlarini oshirish va ularning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratildi.
Seminarda ishtirokchilarga bola huquqlarining xalqaro-huquqiy asoslari, xususan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi va boshqa xalqaro hujjatlar batafsil tushuntirildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining milliy qonunchiligida bola huquqlari qanday himoyalanganligi, bu boradagi amaliyot va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar muhokama etildi.
Mashg‘ulot davomida interaktiv usullar qo‘llanilib, ishtirokchilar mavzu bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirish imkoniga ega bo‘ldilar. Savol-javoblar, keys-study tahlillari va guruh ishlaridan foydalangan holda, seminarda nazariy bilimlar amaliy misollar bilan mustahkamlandi. Bu yoshlarning mavzuga chuqurroq kirib borishiga va dolzarb masalalar yuzasidan tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirishga yordam berdi.
Tadbirda JIDU Yuridik klinikasi rahbari Z.S.Ubaydullayev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati huzuridagi yoshlar parlamentining Madaniyat, sport va gender tenglik masalalari komissiyasi raisi o‘rinbosari K.Nizomiddinova, “Xalqaro huquq” fakulteti tyutori A.Nasimjonov, shuningdek, “Xalqaro huquq” fakulteti talabalari – JIDU Yuridik klinikasi a’zolari J.Abdurahmonov, F.Yusupaliyeva va K.Shermetov tomonidan JIDU Yozgi maktabi ishtirokchilari uchun mavzu yuzasidan qimmatli amaliy tavsiyalar va ma’lumotlar berildi.
JIDU Yuridik klinikasi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan ushbu seminar yozgi maktab dasturining muhim qismi bo‘lib, kelajakda huquqshunoslik sohasida faoliyat yuritishni maqsad qilgan yoshlar uchun qimmatli bilim va ko‘nikmalarni taqdim etdi. Tadbirning asosiy maqsadi — yosh avlodni inson huquqlariga, xususan, bola huquqlariga hurmat ruhida tarbiyalash va ularni jamiyatda faol ishtirok etishga undashdan iborat.