
JIDU vakili Train-the-Trainer dasturi doirasidagi xalqaro ekologik seminarda ishtirok etdi
JIDU vakili Train-the-Trainer dasturi doirasidagi xalqaro ekologik seminarda ishtirok etdi

2025-yil 5–9-may kunlari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Tizimli tahlil va matematik modellashtirish” kafedrasi o‘qituvchisi Sodiqova Dilafruz Qirg‘iziston janubida o‘tkazilgan Train-the-Trainer dasturi doirasidagi xalqaro ekologik seminarda ishtirok etdi.
Tadbir GIZ va HELVETAS (Germaniya) xalqaro tashkilotlari ko‘magida tashkil etildi.
Seminar “yashil” va barqaror iqtisodiyotni rivojlantirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik turizmni kengaytirish hamda barqaror boshqaruv tizimlarini joriy etish masalalariga bag‘ishlandi.
Dastur doirasida D. Sodiqova tomonidan “Yashil turizmni shakllantirish va yashil turar-joylar hamda bino-inshootlarni ko‘paytirishning ahamiyati” mavzusida taqdimot qilindi. Jumladan, LEED (Leadership in Energy and Environmental Design) sertifikatlash tizimidan ko`proq binolarni o‘tkazish orqali ekologik toza, energiya tejamkor va barqaror binolar ulushini kengaytirishning afzalliklari yoritib berildi.
Ta’kidlash joizki, D. Sodiqova GIZ tomonidan tashkil etiladigan maxsus imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda, yashil va barqaror turizm yo‘nalishi bo‘yicha sertifikatlangan trener maqomini olish huquqiga ega bo‘ladi.
Seminar mavzulari Birlashgan Millatlar Tashkilotining quyidagi Barqaror rivojlanish maqsadlariga mos keldi: SDG 6 – Toza ichimlik suvi va sanitariya; 7 – Arzon va toza energiya; 13 – Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash; 15 – Quruqlikdagi ekotizimlarni saqlash.
Bunday tashabbuslarda faol ishtirok etish O‘zbekistonda ekologik tafakkurni rivojlantirish va barqaror rivojlanishga xizmat qiluvchi innovatsion yechimlarni ilgari surishga zamin yaratadi.