
JIDU va Belgiya akademik hamkorlikni kengaytirmoqda
JIDU va Belgiya akademik hamkorlikni kengaytirmoqda

2026-yil 28-sentabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Belgiya Qirolligining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Matias Kende bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida Elchiga JIDU faoliyati, xalqaro akademik hamkorlik, Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti va Diplomatik akademiya ishlari haqida ma’lumot berildi.
Tomonlar Belgiya va Yevropa universitetlari hamda tadqiqot markazlari, jumladan, Gent universiteti, Egmont instituti, CEPS, Lyoven katolik universiteti, Antverpen universiteti va Mons universiteti bilan hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar. Takliflar qatoridan akademik almashinuvlar, qo‘shma tadqiqotlar, mehmon ma’ruzalari va ekspert tadbirlarini o‘tkazish o‘rin oldi.
Ikki mamlakat diplomatik akademiyalari o‘rtasidagi hamkorlikka, shuningdek, Matias Kendening JIDUda JST, Yevropa tadqiqotlari va xalqaro munosabatlar masalalari bo‘yicha ma’ruzalar o‘qish imkoniyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, tomonlar JIDUda niderland tili kurslarini yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirdilar.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra akademik almashinuvlar, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalari hamda diplomatlarni tayyorlash va malakasini oshirish dasturlarini o‘z ichiga olgan qo‘shma tadbirlar rejasini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.




