
JIDU talabalari o‘rtasida Barqaror rivojlanish maqsadlariga bag‘ishlangan olimpiada o‘tkazildi
JIDU talabalari o‘rtasida Barqaror rivojlanish maqsadlariga bag‘ishlangan olimpiada o‘tkazildi

2025-yil 22-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan belgilangan Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) oyligi doirasida 1–3-bosqich talabalari o‘rtasida olimpiada bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning asosiy maqsadi – talabalarning BRM bo‘yicha bilimlarini chuqurlashtirish, tahliliy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda yoshlarning 2030- yilgacha mo‘ljallangan global barqarorlik kun tartibiga faol jalb etilishini ta’minlashdan iborat edi.
Talabalarda BRM, ularning vazifalari va indikatorlari bo‘yicha tizimli tushunchani shakllantirish, hamda bu bilimlarni iqtisodiy va ijtimoiy kontekstda qo‘llay olish ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Olimpiada yoshlarning global muammolarni hal qilishda ongli ishtirokini ta’minlovchi muhim ta’limiy platformaga aylandi. Intellektual bellashuvda jami 152 nafar talaba ishtirok etdi. Ishtirokchilar jamoalarga bo‘lingan holda quyidagi to‘rt bosqichda bellashdilar:
1. BRM bo‘yicha test savollari – BMT hujjatlari asosida ishlab chiqilgan savollar orqali talabalar asosiy bilimlarini namoyish etdilar;
2. Matematik va hisoblash topshiriqlari – amaliy hisoblash va tahliliy ko‘nikmalar baholandi;
3. Mikroiqtisodiyot va makroiqtisodiyot bo‘yicha test – iqtisodiy savodxonlik va fanlararo fikrlash qobiliyati tekshirildi;
4. Muammoli vaziyatlarni yechish – jamoalarga iqtisodiy holatlar taqdim etilib, 20 daqiqa ichida echimlar ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Natijalar “Xalqaro iqtisodiyot” kafedrasi o‘qituvchilari: kafedra mudiri i.f.n., dotsent Toshpulatova L.M., dotsent i.f.n. Karimova H.R., i.f.n. Bekmurodova F.A., i.f.n. Murtazoyev S.A., shuningdek, “Tizimli tahlil va matematik modellashtirish” kafedrasi dotsenti Umarova Sh.G. va o‘qituvchi Hasanova D.R. ishtirokida tashkil etilgan hakamlar hay’ati tomonidan baholandi.
Olimpiada yakunlariga ko‘ra chuqur bilim, mantiqiy fikrlash va jamoaviy ish ko‘nikmalarini namoyon qilgan g‘oliblar aniqlanib, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Tadbirning eng muhim natijasi — talabalarda barqaror rivojlanishga nisbatan tizimli yondashuvni shakllantirish, ularning ilmiy izlanishlarga bo‘lgan motivatsiyasi va fuqarolik faolligini oshirishdan iborat bo‘ldi. Bu yoshlarning BMT BRMga erishish yo‘lidagi o‘zgarishlarning faol ishtirokchisiga aylanishiga zamin yaratadi.