
JIDU talabalari Toshkent shahar ma’muriy sudi ochiq sud jarayonlarida ishtirok etdilar
JIDU talabalari Toshkent shahar ma’muriy sudi ochiq sud jarayonlarida ishtirok etdilar

Joriy yilning 5-7-may kunlari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Xalqaro huquq va ommaviy huquq fanlari” kafedrasi professor-o‘qituvchilari tashabbusi bilan “Xalqaro huquq” fakulteti 2-bosqich talabalari uchun Toshkent shahar maʼmuriy sudi sudyalari S.Talipov, M.Maxmudov, T.Salimov, B.Xolmonov, D.Toshev va O.Xakimovlar bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda ma’muriy sudlarning birinchi navbatdagi vazifasi fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining davlat organlari bilan munosabatlarida qonun ustuvorligini ta’minlash, shuningdek, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishdan iborat ekanligi ta’kidlandi. Sudyalarning roli, odil sudlovni amalga oshirish, sudyalar daxlsizligi va ularning vakolatlari to‘g‘risida ham ma’lumot berildi.
Shuningdek, talabalar Toshkent shahar ma’muriy sudi ochiq sud jarayonlarida ishtirok etdilar. Tadbir davomida sudyalar talaba yoshlar tomonidan berilgan ko‘plab savollarga batafsil javob berishdi. Sudyalar talabalarning “Ma’muriy huquq” fanini qanday o‘rganayotganlarini savol-javoblar orqali tekshirib, baholadilar.
Uchrashuv so‘ngida talabalar va JIDU professor-o‘qituvchilari Toshkent shahar sudi sudyalariga samimiy minnatdorchilik bildirdilar va bunday uchrashuvlarni yanada tez-tez, muntazam ravishda tashkil etish taklifini bildirdilar.