JIDUda xodimlarni boshqarish psixologiyasi bo‘yicha trening o‘tkazildi

JIDUda xodimlarni boshqarish psixologiyasi bo‘yicha trening o‘tkazildi

    JIDUda xodimlarni boshqarish psixologiyasi bo‘yicha trening o‘tkazildi

    JIDUda xodimlarni boshqarish psixologiyasi bo‘yicha trening o‘tkazildi

    Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) «Asia Trans Gas» QK MChJ xodimlari uchun «Xodimlarni boshqarish psixologiyasi va nizolarni boshqarish» nomli amaliy o‘quv dasturini yakunladi. Dastur JIDUning Executive Education fakulteti tomonidan «ASSET HR» MChJ (O‘zbekiston) ta’lim hamkori bilan birgalikda tashkil etildi.

    O‘quv dasturi doirasida ishtirokchilar shaxs psixologiyasi va konfliktologiya asoslari, HR faoliyatida samarali kommunikatsiya, nizolarni hal etish usullari va mediatsiya, xodimlarni boshqarish psixologiyasi bo‘yicha bilimlarga ega bo‘ldilar. Shuningdek, olingan bilimlarni kasbiy faoliyatda amaliy qo‘llash vositalarini o‘zlashtirdilar.

    Ta’lim dasturi beshta moduldan iborat bo‘lib, interaktiv seminarlar, amaliy mashg‘ulotlar, ish jarayonidagi vaziyatlarni tahlil qilish hamda kompleks HR keyslarini yechishni qamrab oldi. O‘quv jarayonida hissiy zo‘riqishni boshqarish, murakkab muzokaralarni olib borish, kasbiy kuyishning oldini olish va tashkilotda sog‘lom psixologik muhitni shakllantirish ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

    Mashg‘ulotlarni psixologiya magistri, yirik kompaniyalarda 11 yildan ortiq ish tajribasiga ega HR eksperti Aida Yadgarova olib bordi.

    Ta’lim dasturi yakunida ishtirokchilarga o‘quv kursini tamomlaganligini tasdiqlovchi sertifikatlar topshirildi.

    «ASSET HR» MChJ rahbarlar va HR mutaxassislarini kasbiy tayyorlash sohasida xizmatlar ko‘rsatuvchi provayder bo‘lib, SHRM (Society for Human Resource Management, AQSh) tashkilotining Markaziy Osiyodagi rasmiy ta’lim hamkori hisoblanadi. Kompaniya inson resurslarini boshqarish sohasida xalqaro standartlar va ilg‘or jahon tajribalariga muvofiq ta’lim dasturlarini amalga oshiradi.

    Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Executive Education fakulteti davlat va xususiy sektor rahbarlari hamda mutaxassislarining boshqaruv va kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirishga qaratilgan ta’lim dasturlarini amalga oshiradi. Fakultet yetakchi mahalliy va xorijiy universitetlarning ilg‘or ta’lim tajribasi hamda ekspert salohiyatini birlashtiradi. Dasturlarni amalga oshirishga zamonaviy boshqaruv, iqtisodiyot va diplomatiya yo‘nalishlarida o‘z tajribasi va faoliyati bilan tanilgan olimlar, xalqaro ekspertlar hamda soha yetakchilari jalb etiladi.