
JIDU talabalari hind tilidagi diplomatik terminologiya va tarjima xususiyatlarini o‘rgandilar
JIDU talabalari hind tilidagi diplomatik terminologiya va tarjima xususiyatlarini o‘rgandilar

2026-yil 20-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) “Hind tilidagi diplomatik terminlar” mavzusida mahorat darsi tashkil etildi. Unda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori Ulfat Muhibova hamda Kamola Rahmatjonova ishtirok etdi.
Tadbir hind tilini o‘rganayotgan Xalqaro munosabatlar va Xalqaro huquq fakultetlarining 2- va 3-bosqich talabalari uchun tashkil etilib, ularning til kompetensiyalarini takomillashtirish hamda diplomatiya sohasidagi kasbiy tarjima ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratildi.
Mahorat darsi davomida taklif etilgan mutaxassislar hind tilining zamonaviy xalqaro munosabatlardagi o‘rni, diplomatik nutq madaniyatining o‘ziga xos jihatlari, shuningdek, rasmiy hujjatlar va xalqaro muzokaralarda siyosiy hamda diplomatik atamalardan foydalanish xususiyatlari haqida batafsil ma’lumot berdilar.
Mashg‘ulotda o‘zbek va hind tillari o‘rtasida maxsus terminlarni tarjima qilishning amaliy jihatlariga alohida e’tibor qaratildi. Aniq misollar asosida talabalar diplomatik tushunchalarni to‘g‘ri ifodalash, terminologik muqobillikni ta’minlash va tarjima jarayonida kontekstni hisobga olishning ahamiyatini o‘rgandilar.
Mahorat darsining amaliy qismida interaktiv til o‘yinlari va mashqlar tashkil etilib, ular talabalarga o‘zlashtirilgan bilimlarni mustahkamlash hamda yangi terminlarni turli muloqot vaziyatlarida qo‘llash imkonini berdi.
Uchrashuv ochiq muloqot va faol muhokamalar shaklida o‘tdi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar, til ko‘nikmalarini yanada takomillashtirish va kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalarga ega bo‘ldilar.
Bunday mahorat darslari xalqaro munosabatlar va xalqaro huquq sohalari bo‘yicha bo‘lajak mutaxassislarning xorijiy tillarni o‘zlashtirish darajasini oshirish, kasbiy tarjima malakalarini rivojlantirish hamda diplomatik faoliyatda chet tillaridan samarali foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.
| Sana: | 21.11.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 22 |
| Ulashish: |




