
JIDUda Erasmus Mundus stipendiyasi sovrindori bilan Alumni Talk uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
JIDUda Erasmus Mundus stipendiyasi sovrindori bilan Alumni Talk uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

2026-yil 15-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida bitiruvchilar va talabalar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, yoshlarni xalqaro ta’lim imkoniyatlaridan xabardor qilish maqsadida navbatdagi Alumni Talk uchrashuvi tashkil etildi.
Tadbirning mehmoni JIDUning 2026-yilgi bitiruvchisi, nufuzli Erasmus Mundus stipendiyasi sohibi Hayotullo Ismoilov bo‘ldi.
Uchrashuv davomida Hayotullo Ismoilov Yevropada oliy ta’lim olish imkoniyatlari, Erasmus Mundus stipendiya dasturiga hujjat topshirish jarayoni hamda xalqaro tanlovlarda muvaffaqiyatga erishish omillari haqida o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Xususan, u ariza tayyorlashning asosiy bosqichlari, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar, hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish va tanlovga puxta tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan amaliy tavsiyalar berdi.
Shuningdek, uchrashuvda xorijda tahsil olishni rejalashtirayotgan talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish, xalqaro akademik muhit va stipendiya dasturlarining imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Mazkur tadbir talabalarning xalqaro ta’lim dasturlariga qiziqishini oshirish, ularni akademik va kasbiy rivojlanishga undash hamda universitet bitiruvchilarining muvaffaqiyatli tajribasini ommalashtirishga xizmat qildi.
JIDU Alumni Talk loyihasi doirasida bitiruvchilar bilan muntazam uchrashuvlar tashkil etish orqali universitet talabalar va bitiruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish hamda yoshlarning xalqaro miqyosdagi imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda.




