
JIDUda “Ispan tili kuni” bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi
JIDUda “Ispan tili kuni” bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 8-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Ispan tili kuni”ga bag‘ishlangan bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda universitet rahbariyati, Ispaniyaning O‘zbekistondagi Muvaqqat ishlar vakili Asunción Sánchez Ruiz, professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda bir qancha Ispaniyalik mehmonlar ishtirok etdilar.
Asunción Sánchez Ruiz tadbirni ochar ekan, O'zbekiston-Ispaniya munosabatlari turli sohalarda jadal rivojlanib borayotganini ta’kidlab, oliy ta’lim sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish dolzarbligiga e’tibor qaratdi. JIDU talabalarining Ispaniyada amaliyot o‘tashini tashkil etish, ispan tili o‘qituvchilarining malakasini oshirish, shuningdek, ilmiy loyihalar va madaniy tadbirlarni hamkorlikda amalga oshirishdan manfaatdorligini bildirdi.
Tadbir dasturi yorqin va unutilmas taqdimotlar, taniqli ispan shoirlari she‘rlaridan parchalar, milliy va zamonaviy raqslar, klassik va jo‘shqin zamonaviy qo‘shiqlar, qiziqarli sahna ko‘rinishlariga boy bo‘ldi.
Bayram tadbiriga «Avlod Kids» bolalar bog‘chasi tarbiyalanuvchilari ham mehmon sifatida tashrif buyurdilar. Ushbu bayramga kichkintoylarni taklif qilishdan maqsad, ularning xorijiy tillariga bo‘lgan qiziqishlarini bolalikdan shakllantirish, bilim olishga, shuningdek, shunday bilim maskanlarida tahsil olishga ularni ilhomlantirishdir. Tadbir so‘ngida ularga talabalar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbir yuqori saviyada va ko‘tarinki ruhda o‘tdi, bunday tadbirlar ispan tili o‘rganayotgan talabalarni ruhlantiradi va davlatlararo munosabatlarni yaxshilashga xizmat qiladi.
Ushbu tadbirning maqsadi barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq til va qadriyatlarni o‘rganish orqali hamkorlik aloqalarini mustahkamlashdir. Turli millat va elat vakillari tillarini o‘rganish va ularni jamoaviy tarzda namoyish etish BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarining 11 (barqaror shaharlar va jamoalar) bo‘limi prinsiplari asosida amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, til ta’limi orqali hamkorlik aloqalari BMTning 4 (sifatli ta’lim) va 17 (barqaror rivojlanish uchun hamkorlik) maqsadlari bilan hamohangdir, bu esa tadbirda aniq namoyon bo‘ldi.