
JIDU talabalari plogging ekologik aksiyasida ishtirok etdi
JIDU talabalari plogging ekologik aksiyasida ishtirok etdi

Joriy yilning 15-mart kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari Toshkent shahrida “Tashkent Ploggers” eko-harakati hamkorligida tashkil etilgan plogging ekologik aksiyasida faol ishtirok etdilar.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi ekologik madaniyatni yuksaltirish, atrof-muhitni muhofaza qilishga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish, shuningdek, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishdan iborat bo‘ldi. Plogging — bu yugurish jarayonida ko‘chalar, bog‘lar va boshqa jamoat joylarida tashlab ketilgan chiqindilarni yig‘ish orqali atrof-muhitni tozalashga qaratilgan ekologik tashabbusdir.
Aksiyada, shuningdek, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent davlat agrar universiteti hamda Vestminster universiteti talabalari ham ishtirok etdilar. Ishtirokchilar shahar bo‘ylab bir necha kilometr masofani bosib o‘tib, jismoniy faollikni plastik idishlar, qadoqlar va boshqa maishiy chiqindilarni yig‘ish bilan uyg‘unlashtirdilar.
Tadbir davomida talabalar shahar hududlarini chiqindilardan tozalashga munosib hissa qo‘shib, fuqarolik mas’uliyati, ekologik ong va faol hayotiy pozitsiyaning yorqin namunasini ko‘rsatdilar.
Bunday tashabbuslar yoshlarda tabiatga ehtiyotkorona munosabatni shakllantirish, jamiyatda ekologik mas’uliyatni mustahkamlash hamda ularni ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarda faol ishtirok etishda undashga muhim ahamiyat kasb etadi.




