Yuridik klinika vakillari fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va xalqaro himoyaga muhtoj shaxslar huquqlariga bag‘ishlangan seminarda ishtirok etdilar

    2026-yil 17-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Yuridik klinikasi vakillari O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi hamda BMTning Qochqinlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi (BMT QOKB) hamkorligida tashkil etilgan “Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni, shuningdek, xalqaro himoyaga muhtoj shaxslarni aniqlash va yo‘naltirish” mavzusidagi seminarda faol ishtirok etdilar.

    Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan tadbirda davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va yuridik klinikalar vakillari ishtirok etib, fuqarosizlikning oldini olish, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni aniqlash va ularning huquqlarini himoya qilishning huquqiy mexanizmlarini muhokama qildilar.

    Seminar davomida BMT QOKB vakillari tomonidan tashkilotning vakolatlari va faoliyat yo‘nalishlari, xalqaro himoya mexanizmlari, shuningdek, fuqarosizlikning oldini olish va uni qisqartirishga qaratilgan xalqaro standartlar yuzasidan ma’ruzalar taqdim etildi. Xususan, 1954-yilgi “Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning maqomi to‘g‘risida”gi Konvensiya va 1961-yilgi “Fuqarosizlikni qisqartirish to‘g‘risida”gi Konvensiyaning asosiy qoidalari hamda ularda belgilangan xalqaro huquqiy kafolatlarga alohida e’tibor qaratildi.

    Shuningdek, O‘zbekistonning fuqarosizlikni qisqartirish borasidagi tajribasi, tug‘ilishni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning ahamiyati va mazkur yo‘nalishda davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

    Yuridik klinika vakillari seminar davomidagi muhokamalarda faol qatnashib, fuqaroligi bo‘lmagan va xalqaro himoyaga muhtoj shaxslarga huquqiy yordam ko‘rsatish, ularni aniqlash hamda vakolatli organlarga yo‘naltirishda yuridik klinikalarning o‘rni va amaliy ahamiyati bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

    Mazkur seminarda ishtirok etish Yuridik klinika vakillari uchun xalqaro huquqiy standartlar bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarni kengaytirish, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish sohasida milliy va xalqaro institutlar bilan hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.