
JIDU dotsenti COP31 doirasida iqlim, tinchlik va barqarorlik masalalariga bag‘ishlangan yuqori darajadagi uchrashuvda ishtirok etdi
JIDU dotsenti COP31 doirasida iqlim, tinchlik va barqarorlik masalalariga bag‘ishlangan yuqori darajadagi uchrashuvda ishtirok etdi

2026-yil 14-noyabr kuni Turkiyaning Antaliya shahrida BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi doiraviy konvensiyasi Tomonlarining 31-konferensiyasi (COP31) doirasida “BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi doiraviy konvensiyasi jarayonlari orqali iqlim, tinchlik va barqarorlik bo‘yicha chora-tadbirlarni ilgari surish” mavzusida yuqori darajadagi siyosiy muloqot bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashabbusi bilan mazkur xalqaro tadbirda ishtirok etish uchun Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) Xalqaro iqtisodiyot kafedrasi dotsenti Suriya Turayeva taklif etildi.
Uchrashuv Yevropa Ittifoqi va BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (YI–UNEP) o‘rtasidagi iqlim, atrof-muhit, tinchlik va xavfsizlik masalalariga oid hamkorlik doirasida tashkil etildi.
Tadbir davomida xalqaro tashkilotlar, davlat idoralari va ekspertlar hamjamiyati vakillari iqlim o‘zgarishi, ekologik barqarorlik, tinchlik va mintaqaviy xavfsizlik o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni muhokama qildilar. Mahalliy hamjamiyatlar ehtiyojlariga asoslangan tashabbuslarni ilgari surish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda iqlim bilan bog‘liq tahdidlarga qarshi kurashishning amaliy mexanizmlarini ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi.
JIDU vakilining ushbu xalqaro muloqotdagi ishtiroki O‘zbekistonning iqlim va ekologiya siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, mamlakatning barqaror rivojlanishiga xizmat qiluvchi istiqbolli investitsiya tashabbuslariga xalqaro hamjamiyat e’tiborini qaratish uchun muhim imkoniyat yaratdi.
Ustuvor yo‘nalishlar qatorida quyidagi masalalar qayd etildi:
- iqlimni moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirish va xalqaro investitsiyalarni jalb etish;
- suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish;
- Orolbo‘yi hududining ekologik holatini tiklash va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash;
- “yashil” iqtisodiyotga o‘tish jarayonida yangi ish o‘rinlarini yaratish va bandlik imkoniyatlarini kengaytirish;
- milliy iqtisodiyot tarmoqlarini ekologik modernizatsiya qilish va kam uglerodli texnologiyalarni joriy etish.
Bunday nufuzli xalqaro tadbirlarda ishtirok etish JIDUning ilmiy-ta’lim va ekspertlik salohiyatini mustahkamlash, xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, shuningdek, O‘zbekistonning iqlim va ekologiya siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlarini global miqyosda ilgari surishga xizmat qiladi.




