JIDUda Xalqaro investitsiya huquqida ekspropriatsiya masalasi yuzasidan mahorat darsi o‘tkazildi

JIDUda Xalqaro investitsiya huquqida ekspropriatsiya masalasi yuzasidan mahorat darsi o‘tkazildi

    JIDUda Xalqaro investitsiya huquqida ekspropriatsiya masalasi yuzasidan mahorat darsi o‘tkazildi

    JIDUda Xalqaro investitsiya huquqida ekspropriatsiya masalasi yuzasidan mahorat darsi o‘tkazildi

    Joriy yilning 7-noyabr kuni bakalavriat talabalari uchun “Xalqaro investitsiya huquqi” fani doirasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) “Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy huquq fanlari” kafedrasida “Xalqaro investitsiya huquqi: ekspropriatsiyaning huquqiy asoslari, politsiya vakolatlari va kompensatsiya” mavzusida mahorat darsi tashkil etildi. Tadbir kafedra mudiri Sherzodbek Masadikov va kafedra o‘qituvchisi Alisher Bobonazarov tomonidan, universitetda amaliyotga yo‘naltirilgan huquqiy ta’limni yanada rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.

    Mahorat darsini “Xalqaro arbitraj va nizolarni hal etish” yo‘nalishi magistrantlari — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqi va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni xodimi Manuchexr Bexzodiy va “Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd” MChJ yuridik bo‘limi kichik yuriskonsulti Madinabonu Karimkulova — 4-bosqich “Xalqaro iqtisodiyot va menejment” fakulteti talabalari uchun olib borishdi. Darsning asosiy maqsadi quyi bosqich talabalarining xalqaro investitsiya nizolarini UNCTAD tadqiqotlari hamda Xalqaro investitsiya nizolarini hal etish markazi (ICSID) arbitraj amaliyoti asosida tahlil qilish ko‘nikmalarini chuqurlashtirishdan iborat bo‘ldi.

    Mahorat darsi davomida ma’ruzachilar mulkni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tortib olish bilan davlat aralashuvi natijasida yuzaga keladigan bilvosita yo‘qotishlar o‘rtasidagi farqni Tecmed Meksikaga qarshi va Starrett Housing Eronga qarshi ishlari misolida tushuntirib berishdi. Talabalar bilan birgalikda davlat harakatlarining qonuniyligini belgilovchi to‘rtta mezon — jamoat manfaatining mavjudligi, kamsitmaslik, tegishli huquqiy protsedura va adolatli kompensatsiya — batafsil tahlil qilindi, shuningdek amaliy misollar orqali atrof-muhit va aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan kamsitilmaydigan davlat tartibga solish choralari qaysi holatlarda kompensatsiya to‘lash majburiyatini keltirib chiqarmasligi ko‘rsatib berildi.

    Talabalar, shuningdek, kompensatsiya to‘lash standartlari hamda biznesni baholashning zamonaviy usullari, jumladan diskontlangan pul oqimlari (DCF) usuli bilan tanishdilar.

    Ushbu mahorat darsi Barqaror rivojlanish maqsadlarining 4-maqsadi — “Sifatli ta’lim” g‘oyalariga, aniq voqealar tahlili orqali talabalarning amaliy va tahliliy huquqiy ko‘nikmalarini rivojlantirib, mos keladi, shuningdek 16-maqsad — “Tinchlik, adolat va samarali institutlar”, xususan qonun ustuvorligini qo‘llab-quvvatlash va adolatli sudlovga teng kirishni ta’minlashga qaratilgan 16.3-bandiga hamohangdir: dars davomida qonun ustuvorligi va sud himoyasi kafolati xalqaro investitsiya huquqining asosini tashkil etuvchi shartnoma erkinligi va taraflarning teng huquqliligidan ajralmas ekanligi ko‘rsatib berildi.

    Bunday mahorat darslari bo‘lajak mutaxassislarning kasbiy-huquqiy ongini shakllantirishda hamda nazariya va amaliyotning haqiqiy uyg‘unligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.