
JIDU talabalari “Qaldirg‘och” loyihasi doirasida ko‘zi ojiz bolalar maktab-internatiga tashrif buyurishdi
JIDU talabalari “Qaldirg‘och” loyihasi doirasida ko‘zi ojiz bolalar maktab-internatiga tashrif buyurishdi

Joriy yilning 18-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) huzuridagi Yuridik klinikaning “Qaldirg‘och” loyihasi doirasida universitetning “Xalqaro huquq” fakulteti 2- va 3-bosqich talabalari Toshkent shahridagi ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 77-sonli maktab-internatiga tashrif buyurishdi. Ushbu tashrif voyaga yetmagan qiz bolalar va imkoniyatlari cheklangan shaxslarning huquqlarini himoya qilish hamda ularga huquqiy yordam ko‘rsatishga qaratilgan loyihalarning muhim bir qismi bo‘ldi.
“Qaldirg‘och” loyihasi Yuridik klinika tomonidan jamiyatning zaif qatlamlari huquqiy savodxonligini oshirish va ularga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, talabalarning nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llashlari uchun ham noyob platforma yaratib beradi.
Maktab-internatga tashrif davomida talabalar imkoniyatlari cheklangan shaxslar, xususan, ko‘zi ojiz bolalarning huquqlari, ularning ta’lim olish, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya va boshqa qonuniy kafolatlariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazishdi. Taqdimot davomida bolalarning savollari va fikrlari tinglandi, ularni qiziqtirgan huquqiy masalalar bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Tashrifning asosiy maqsadi yosh avlodni o‘z huquqlari bilan tanishtirish, ularda huquqiy madaniyatni shakllantirish, shuningdek, jamiyatning imkoniyatlari cheklangan a’zolariga nisbatan mehr-oqibat va e’tiborni kuchaytirishdan iborat bo‘ldi. Talabalar maktab-internat ma’muriyati va o‘qituvchilari bilan ham uchrashib, bolalarning ta’lim-tarbiya jarayoni va ularni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari bilan yaqindan tanishdilar.
Loyihaning ahamiyatini ta’kidlar ekan, JIDU Yuridik klinikasi rahbari Z.Ubaydullayev shunday dedi: “Bizning talabalarimizning “Qaldirg‘och” loyihasi doirasida amalga oshirgan bu tashabbusi juda muhim ahamiyatga ega. Kelajakdagi huquqshunoslar sifatida ular jamiyatning har bir a’zosining huquqlari himoyalanishi kerakligini chuqur anglashlari zarur. Bu kabi tashriflar ularning professional ko‘nikmalarini rivojlantirish bilan birga, insonparvarlik tuyg‘ularini ham kamol toptirishga xizmat qiladi.”
77-sonli maktab-internat ma’muriyati esa o‘z minnatdorchiligini bildirib, talabalarning tashrifi bolalar uchun katta motivatsiya bo‘lganini va ularning huquqiy bilimlarini oshirishga yordam berganini ta’kidladi.
“Qaldirg‘och” loyihasi o‘z doirasida bunday xayrli tashabbuslarni davom ettirishni, imkoniyatlari cheklangan shaxslar va voyaga yetmaganlarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan turli tadbirlar va loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Sana: | 18.04.2025 |
Ko'rganlar soni: | 124 |
Ulashish: |