
JIDUda raqamli hamkorlik va sun’iy intellekt masalalariga bag‘ishlangan O‘zbekiston–Xitoy ekspertlar kengashining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
JIDUda raqamli hamkorlik va sun’iy intellekt masalalariga bag‘ishlangan O‘zbekiston–Xitoy ekspertlar kengashining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

2026-yil 19-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) “Raqamli hamkorlik: sun’iy intellekt va yangi avlod ma’lumotlar iqtisodiyoti” mavzusida O‘zbekiston–Xitoy ekspertlar kengashining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston va Xitoyning yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlari, tahlil markazlari hamda davlat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Uchrashuvning asosiy maqsadi raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt, innovatsion texnologiyalar va malakali kadrlar tayyorlash sohalarida ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
O‘zbekiston–Xitoy ekspertlar kengashi 2024-yil kuzida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo tadqiqotlari instituti tomonidan tashkil etilgan. Kengashning ilk yig‘ilishi 2025-yil mart oyida Pekin shahrida o‘tkazilib, iqlim o‘zgarishiga moslashish va barqaror rivojlanish masalalariga bag‘ishlangan edi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, yetakchi tahlil markazlari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda boshqa tegishli tashkilotlar vakillari qatnashdi. Xitoy tomonidan esa Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi va Xitoy tashqi ishlar instituti ekspertlari ishtirok etdi.
Kengash yig‘ilishi ikki mavzuli sessiya doirasida tashkil etildi. Birinchi sessiyada sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha milliy strategiyalar, kiberxavfsizlik, ma’lumotlarni himoya qilish va texnologik suverenitet masalalari muhokama qilindi.
Ikkinchi sessiyada ishtirokchilar investitsiyalarni jalb etish, texnologiyalar transferi, raqamli infratuzilmani rivojlantirish hamda raqamli iqtisodiyot uchun mutaxassislar tayyorlash kabi hamkorlikning amaliy yo‘nalishlariga e’tibor qaratdilar.
Shuningdek, qo‘shma texnoparklar, venchur fondlari va startap ekotizimlarini yaratish, ilmiy-ta’lim almashinuvlarini kengaytirish hamda davlat boshqaruvi, moliya sektori, qishloq xo‘jaligi va sanoatda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish istiqbollari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish doirasida kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, ikki mamlakat ilmiy-tahliliy muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan O‘zbekiston–Xitoy ekspertlar kengashining Ish rejasini tayyorlash masalalari ham muhokama qilindi.




