
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudiga amaliy tashrif
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudiga amaliy tashrif

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Xalqaro huquq fakulteti talabalari Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumalararo sudiga amaliy tashrif buyurib, sud organlari faoliyati, fuqarolik ishlarini ko‘rib chiqish tartibi hamda sud amaliyotining o‘ziga xos jihatlari bilan yaqindan tanishdilar.
Tashrif davomida sudyalar Hayitova Adiba G‘ofurovna, Shamsiev Olimjon Orifovich va Saydalieva Maftuna Himmatali qizi talabalar bilan o‘z kasbiy tajribalari bilan o‘rtoqlashib, sud-huquq amaliyotining turli yo‘nalishlari yuzasidan ma’lumot berdilar.
Hayitova Adiba G‘ofurovna mehnat nizosiga oid fuqarolik ishining sudda ko‘rib chiqilishi jarayoni bilan talabalarni tanishtirdi. Talabalar mehnat qonunchiligi normalarining amaliy qo‘llanilishi, shuningdek, mazkur toifadagi nizolarni sud tartibida ko‘rib chiqish xususiyatlarini kuzatish imkoniga ega bo‘ldilar.
Shamsiev Olimjon Orifovich xalqaro-huquqiy hujjatlar, ularning huquqiy ahamiyati hamda xalqaro huquq normalarini O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligiga implementatsiya qilishning o‘ziga xos jihatlari haqida ma’lumot berdi.
Saydalieva Maftuna Himmatali qizi intellektual mulk huquqi, ushbu sohani xalqaro-huquqiy tartibga solish hamda tegishli xalqaro huquq normalarining milliy qonunchilikda qo‘llanilishi masalalarini yoritib berdi.
Mazkur amaliy tashrif talabalarning nazariy bilimlarini mustahkamlash, huquqni qo‘llash amaliyoti bilan yaqindan tanishish hamda kelajakdagi kasbiy faoliyatlari uchun zarur bo‘lgan amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.




