
JIDUda “SDG WEEK 2026” doirasida talabalarning innovatsion g‘oyalari ko‘rgazmasi tashkil etildi
JIDUda “SDG WEEK 2026” doirasida talabalarning innovatsion g‘oyalari ko‘rgazmasi tashkil etildi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) Xalqaro munosabatlar kafedrasi dotsenti A. Radjabova tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Barqaror rivojlanish maqsadlari haftaligi — SDG WEEK 2026” doirasida “SDG Exhibition” — talabalarning innovatsion g‘oyalari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Ko‘rgazmada Xalqaro munosabatlar fakultetining 2-bosqich talabalari o‘zlarining innovatsion ishlanmalari, ijodiy loyihalari va amaliy takliflari bilan ishtirok etdilar. Tadbir Birlashgan Millatlar Tashkilotining barcha 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadini qamrab olgani hamda talabalarning mustaqil fikrlash, innovatsion yondashuv va jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini namoyon etgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Mazkur ko‘rgazmada 100 nafarga yaqin talaba o‘z loyihalarini taqdim etdi. Tashabbusning asosiy maqsadi yoshlarning barqaror rivojlanish sohasidagi bilimlarini amaliy faoliyat bilan uyg‘unlashtirish, innovatsion g‘oyalarni rag‘batlantirish hamda istiqbolli ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat bo‘ldi.
Ko‘rgazma davomida ekologik toza va sog‘lom ovqatlanishga yo‘naltirilgan oziq-ovqat mahsulotlari, atrof-muhitni muhofaza qilish, ichimlik suvidan oqilona foydalanish hamda resurslarni tejashga qaratilgan ishlanmalar namoyish etildi. Shuningdek, kosmetologiya sohasidagi kreativ g‘oyalar va Barqaror rivojlanish maqsadlarini aks ettiruvchi tasviriy san’at namunalari ham taqdim etildi.
Tadbir doirasida talabalar o‘rtasida “Eng yaxshi loyiha” tanlovi tashkil etilib, g‘olib va sovrindorlar sertifikatlar bilan taqdirlandilar.
“SDG Exhibition” ko‘rgazmasi talaba-yoshlarning ijodiy va innovatsion salohiyatini ro‘yobga chiqarish, barqaror rivojlanish tamoyillarini amaliy loyihalar orqali targ‘ib etish hamda global muammolarga yechim izlashda yoshlarning faol ishtirokini kengaytirishga xizmat qildi.



