
JIDU talabalari “Clean City – Bright Future” ekologik tashabbusini amalga oshirdilar
JIDU talabalari “Clean City – Bright Future” ekologik tashabbusini amalga oshirdilar

“Barqaror rivojlanish maqsadlari haftaligi” doirasida Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani, Feruza-1 massivida “Clean City – Bright Future” shiori ostida ekologik plogging tadbiri tashkil etildi.
BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining 11-maqsadi — “Barqaror shaharlar va aholi punktlari” hamda 13-maqsadi — “Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish”ga bag‘ishlangan tashabbusda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) va boshqa oliy ta’lim muassasalaridan 20 nafarga yaqin talaba ishtirok etdi.
Yugurish va piyoda yurishni chiqindilarni yig‘ish bilan uyg‘unlashtiruvchi plogging faoliyati davomida ishtirokchilar hududni 20–30 kilogrammga yaqin chiqindidan tozaladilar. Tashkilotchilar tomonidan zarur sanitariya vositalari, jumladan, qo‘lqop va chiqindi qoplari taqdim etildi. Tadbir yakunida ishtirokchilar uchun yegulik va ichimliklar tarqatildi.
Mazkur tashabbus yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyatni shakllantirish, jamoat joylari tozaligiga mas’uliyatli munosabatni kuchaytirish hamda atrof-muhit muhofazasiga qaratilgan amaliy faoliyatda ularning ishtirokini rag‘batlantirishga xizmat qildi.




