JIDUda “Ona tili – millat ruhi” nomli bayram tadbiri o‘tkazildi

JIDUda “Ona tili – millat ruhi” nomli bayram tadbiri o‘tkazildi

    JIDUda “Ona tili – millat ruhi” nomli bayram tadbiri o‘tkazildi

    JIDUda “Ona tili – millat ruhi” nomli bayram tadbiri o‘tkazildi

    O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 36 yilligi munosabati bilan yurtimizda o‘zbek tili nufuzini yanada yuksaltirish, uning ijtimoiy hayotdagi o‘rni va ahamiyatini mustahkamlash, yosh avlodda ona tiliga mehr va ehtirom tuyg‘usini shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli tadbirlar o‘tkazilmoqda.

    Bugungi kunda o‘zbek tili jamiyat hayotining barcha sohalarida: davlat boshqaruvi, ta’lim, ilm-fan, madaniyat va diplomatiyada faol qo‘llanish bilan bir qatorda xorijdagi nufuzli universitetlarda ham o‘qitilmoqda. Til o‘qitish orqali o‘zbek madaniyati, o‘ziga xos milliy urf-odatlar keng targ‘ib qilinmoqda. Davlat tilini rivojlantirish borasidagi davlat siyosati doirasida bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar milliy o‘zlikni mustahkamlash, yoshlar ongida tilga hurmat tuyg‘usini chuqurlashtirishga xizmat qilmoqda.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrda qabul qilingan “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida o‘zbek tili oyligi doirasida professor-o‘qituvchilar va talabalar  ishtirokida bir qator tadbirlar, tanlovlar tashkil etildi.

    Davlat tiliga e’tibor va hurmatni kuchaytirish, til madaniyatini oshirish hamda yoshlar o‘rtasida savodxonlikni targ‘ib qilish maqsadida o‘zbek tili oyligi davomida, “Eng savodxon talaba” ommaviy diktant, “Ona tilim taqdiri o‘z qo‘limda” mavzusida esselar hamda universitetning xorijlik talabalari o‘rtasida “O‘zbek tili – qalbim tarjimoni” mavzusida ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.

    2025-yil 21-oktabrda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda Mirzo Ulug‘bek tumanining “Olmachi”, “Yangi Olmachi”, “Elobod” MFY faollari va yoshlari ishtirokida “Ona tili – millat ruhi” shiori ostida tantanali tadbir o‘tkazildi.

    Tadbirni universitetning Yoshlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha prorektori Odil Abdug‘afurovich Yusupdjanov kirish so‘zi bilan ochib, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 36 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan barcha tashabbuslarning maqsadi — ona tilimizga ehtirom va sadoqatni mustahkamlash, uni asrab-avaylash mas’uliyatini oshirishdan iborat ekanini ta’kidladi. U o‘z nutqida o‘zbek tilining qadimiyligi, boy lug‘at tarkibi va xalqimiz hayotidagi beqiyos o‘rni haqida so‘z yuritib, tilimiz milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, shuningdek, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida muhim qadriyat ekanini qayd etdi.

    Shuningdek, bayram arafasida, 14-oktabr kuni jahonning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri Oksford universitetida “O‘zbekshunoslik dasturi” taqdimoti bo‘lib o‘tganini butun O‘zbekiston ma’naviy-madaniy hayotida muhim voqea bo‘lganligini alohida eslatib o‘tdi. Kuni kecha Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror ham mamlakatimizning til siyosatida yangi bosqich ekanligini ko‘rsatishini ta’kidladi.

    Shundan so‘ng “Eng savodxon talaba” diktant tanlovida barcha fakultetdan 1-2-kurs talabalari hamda akademik litsey o‘quvchilari bilan umumiy 150 nafardan ortiq qatnashgan ishtirokchilar ichidan xalqaro munosabatlar fakulteti 1-bosqich talabasi Anora Rajabova I darajali diplom bilan, videoroliklar tanlovida xalqaro iqtisodiyot va menejment fakulteti 1-bosqich talabasi Sarvinoz Abdullayeva I darajali diplom bilan taqdirlandi.

    2025-yilning 20-oktabrida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori doirasida universitetning xorijliklar talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “O‘zbek tili – qalbim tarjimoni” ko‘rik-tanlovida xalqaro iqtisodiyot va menejment fakulteti 2-bosqich talabasi Rossiya Federatsiyasi fuqarosi Amina Mulladjonovaga I darajali diplom topshirildi.

    Ko‘rik-tanlovda almashinuv dasturi asosida tahsil olayotgan talabalar ham faol ishtirok etdilar. Jumladan, Hankuk chet tillari universiteti 3-kurs talabasi Chung Yoonah “O‘zbek tili – qalbim tarjimoni” mavzusida yozgan essesi uchun II darajali diplom, Tokio chet tillari universiteti talabasi Yoshiyuki Ono esa III darajali diplomni qo‘lga kiritdi.

    Shuningdek, “Ona tili – millat ruhi” nomli tadbirda almashinuv dasturi asosida tahsil olayotgan xorijlik talabalar o‘zbek tilining go‘zalligi, latofati haqida nutq so‘zlab, bayram ishtirokchilarini tabrikladi. Tadbirda o‘zbek tilidagi eng ravon nutqi uchun Hankuk chet tillari universiteti 4-kurs talabasi Woong Lim diplom bilan taqdirlandi.

    Tadbir davomida talabalar Davlat tilini o‘zlashtirishda nutqning sofligi, to‘g‘riligi, mantiqiyligi va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi yozma savodxonlik ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan, o‘zbek tilining boy imkoniyatlarini qamrab olgan iboralar, hikmatli so‘zlar, maqollarni bilish darajasini ifodalagan qiziqarli badiiy chiqishlarni namoyish etdilar.

    Shuningdek, ta’lim uchun qimmatli fikr, g‘oya, qarashlari bilan xalqning ziyoli bo ‘lishiga o ‘z hissasini qo‘shgan buyuk allomalarimizning til haqida bildirgan fikrlari aks etgan monologlari, Omon Matjonning “Alla” hikoyasidan parchaning sahnalashtirilgani hamda xorijlik talabalarning o‘zbek tili to‘g‘risidagi samimiy dil izhorlari tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.