
«Iqlim xataralari va energetika: qo‘shma tadqiqotlar istiqbollari muhokamasi»
«Iqlim xataralari va energetika: qo‘shma tadqiqotlar istiqbollari muhokamasi»

2025-yil 3-dekabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Tizimli tahlil va matematik modellashtirish”, “Xalqaro iqtisodiyot” hamda “Xalqaro moliya va investitsiyalar” kafedralari professor-o‘qituvchilarining Italiya olimlari bilan onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbir tashabbuskori — Tizimli tahlil va matematik modellashtirish kafedrasi. Google Meet platformasida o‘tgan uchrashuvda qariyb 20 nafar ishtirokchi qatnashdi. Uchrashuvning asosiy maqsadi energetika, iqlim xatarlarini boshqarish, moliyaviy texnologiyalar va matematik modellashtirish yo‘nalishlarida qo‘shma ilmiy loyihalarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Birinchi ma’ruzani Prof. Maurizio Acciarri (University of Milano–Bicocca, Italy) taqdim etdi. Olim quyosh energetikasi, energetik tizimlar samaradorligi hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining elektr tarmoqlariga integratsiyasi bo‘yicha zamonaviy ilmiy tadqiqotlar haqida ma’lumot berdi. Ma’ruzada energiya tizimlarining barqarorligini oshirishga qaratilgan texnologik yechimlar — smart inverters, grid-forming inverters, energiya saqlash tizimlari va yuklama boshqaruvi tizimlari muhim o‘rin egalladi. Shuningdek, professor energiya ishlab chiqarishni bashorat qilishning fizika asosidagi modellar, statistik yondashuvlar va zamonaviy AI/Deep Learning texnologiyalarini birlashtiruvchi usullarini taqdim etdi. istiqbolli yo‘nalishlar qatorida physics-informed neural networks, digital twins, federated learning va sun’iy intellekt asosida tarmoqlarni boshqarish imkoniyatlari alohida qayd etildi.
Ma’ruzada, shuningdek, UREWA — Uzbekistan Remote Energy and Water Access loyihasi taqdim qilindi. Ushbu loyiha O‘zbekistonning qishloq hududlarida toza energiya va ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga qaratilgan bo‘lib, quyosh texnologiyalaridan foydalanishni kengaytirishni nazarda tutadi. Uchrashuv davomida energetik qashshoqlik, suv xavfsizligi va resurslarga teng bo‘lmagan kirish masalalari muhokama qilindi.
Ikkinchi ma’ruzani Prof. Silvana Stefani (Catholic University of Sacred Heart, Italy) taqdim etdi. U iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xatarlarni boshqarishda qo‘llaniladigan zamonaviy moliyaviy va sug‘urta vositalari haqida so‘z yuritdi. Professor global iqlim o‘zgarishining iqtisodiyotga ta’sirini keng qamrovda tahlil qildi va an’anaviy sug‘urta shartnomalarini ob-havo derivativlari hamda HDD va CDD kabi temperaturaviy indekslar bilan solishtirib berdi. Parametrik sug‘urta mahsulotlarining afzalliklari — tezkor, shaffof va avtomatlashtirilgan to‘lov mexanizmlari — alohida ta’kidlandi. Shuningdek, professor derivativ va sug‘urta shartnomasi xususiyatlarini birlashtirgan gibrid moliyaviy instrumentlar va ularning statistik modellashtirish hamda vaqt qatorlari tahliliga asoslangan baholash usullarini taqdim etdi.
| Sana: | 03.12.2025 |
| Ko'rganlar soni: | 35 |
| Ulashish: |




