JIDUda “UWED Startup inkubatsiya dasturi – 2026”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

JIDUda “UWED Startup inkubatsiya dasturi – 2026”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

    JIDUda “UWED Startup inkubatsiya dasturi – 2026”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

    JIDUda “UWED Startup inkubatsiya dasturi – 2026”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

    2026-yil 2-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “UWED Startup inkubatsiya dasturi – 2026”ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

    Mazkur tadbir universitetning Raqamli ta’lim, innovatsiyalar va akseleratsiya markazi tomonidan talabalarning innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, istiqbolli startap loyihalarini rivojlantirish, ularni amaliyotga tatbiq etish hamda yoshlar o‘rtasida tadbirkorlik madaniyatini shakllantirish maqsadida tashkil etildi.

    Tadbir davomida universitetning Raqamli transformatsiya va iqtisodiy masalalar bo‘yicha prorektori Zafar Davlatov inkubatsiya dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar, uning asosiy bosqichlari, istiqboldagi rejalar hamda ishtirokchilar va startap loyihalar soniga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.

    Ta’kidlanganidek, joriy yilda dasturga 200 nafardan ortiq ishtirokchi va 100 dan ziyod startap loyiha jalb etilgan. Ushbu ko‘rsatkichlar talaba-yoshlarning innovatsion faoliyat va startap tadbirkorligiga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini namoyon etadi.

    Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi vakili Nodir Alibekov, IT Park Uzbekistan vakili Usmon Rahimjonov hamda Plug and Play kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktor o‘rinbosari Ozodbek Odilbekov ishtirok etdilar.

    Mehmonlar o‘z chiqishlarida startap ekotizimini rivojlantirish, innovatsion g‘oyalarni amaliy loyihalarga aylantirish, yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda mahalliy va xalqaro hamkorlikni kengaytirishning ahamiyatiga alohida to‘xtaldilar.

    Shuningdek, tadbir doirasida AQShda faoliyat yuritayotgan Silk Road Innovation Hub vakili Nilufar Majidovaning maxsus videomurojaati namoyish etildi.

    Ochilish marosimi yakunida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev so‘zga chiqib, talaba-yoshlarga o‘z tilak va tavsiyalarini bildirdi. Rektor innovatsion fikrlash, tashabbuskorlik va zamonaviy bilimlarning yoshlar kasbiy kamolotidagi ahamiyatiga e’tibor qaratib, “UWED Startup inkubatsiya dasturi – 2026”ga rasman start berdi.

    Mazkur dastur universitetda innovatsion va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish, talabalarning istiqbolli g‘oyalarini amaliy loyihalarga aylantirish, ularning startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda mahalliy va xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.