
JIDUda O‘zbekiston Respublikasining Italiya Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi mahorat darsi bo‘lib o‘tdi
JIDUda O‘zbekiston Respublikasining Italiya Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi mahorat darsi bo‘lib o‘tdi

2025-yil 23-dekabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida O‘zbekiston Respublikasining Italiya Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Abat Fayzullayev ishtirokida mahorat darsi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda “Siyosatshunoslik” yo‘nalishi bo‘yicha 4-bosqich talabalari hamda “Davlat boshqaruvi” yo‘nalishi bo‘yicha 1-bosqich magistrantlar qatnashdi.
O‘z nutqi davomida A. Fayzullayev O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati hamda istiqbollarini atroflicha yoritib berdi. Ta’kidlanganidek, o‘zbek-italyan munosabatlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va ta’lim sohalarida jadal rivojlanib bormoqda.
Davlatlararo muloqotni mustahkamlash, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, sanoat, qishloq xo‘jaligi va energetika sohalaridagi o‘zaro aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, oliy ta’lim va fan sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Elchi Italiya biznes doiralarining O‘zbekiston bozoriga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini hamda mamlakatda xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, madaniy va ta’limiy almashinuvlarning ikki xalq o‘rtasidagi yaqinlashuv va barqaror, uzoq muddatli aloqalarni shakllantirishdagi muhim ahamiyati qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, Abat Fayzullayev Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bitiruvchilarining O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy va diplomatik tashabbuslarini xalqaro maydonda ilgari surishdagi rolini alohida ta’kidladi.
Tadbir ochiq muloqot formatida o‘tkazildi. Unda ishtirokchilar savollar berish hamda o‘zbek-italyan hamkorligining dolzarb jihatlarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
| Sana: | 24.12.2025 |
| Ko'rganlar soni: | 97 |
| Ulashish: |




