
JIDUda BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi
JIDUda BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi

2026-yil 19-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi: 20 yillik tajriba, zamonaviy amaliyot” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Xalqaro huquq va ommaviy huquq fanlari kafedrasi tomonidan BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) doirasida tashkil etildi.
«Biz haqimizda — bizsiz hech narsa» shiori ostida gibrid shaklda o‘tkazilgan tadbir O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiyadan olimlar, ekspertlar hamda jamoat tashkilotlari vakillarini birlashtirdi. Davra suhbati mavzusi BRMning 4-maqsadi — «Sifatli ta’lim», 10-maqsadi — «Tengsizlikni kamaytirish», 16-maqsadi — «Tinchlik, adolat va samarali institutlar» hamda 17-maqsadi — «Barqaror rivojlanish yo‘lida hamkorlik» bilan bevosita bog‘liq.
Asosiy e’tibor teng imkoniyatlarni ta’minlash, inklyuziv ta’limni rivojlantirish va nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat hayotida to‘laqonli ishtirok etishiga to‘sqinlik qiluvchi omillarni bartaraf etishga qaratildi.
Davra suhbati BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qabul qilinganining yigirma yilligi arafasida o‘tkazildi. Mazkur hujjat BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2006-yil 13-dekabrda qabul qilingan va O‘zbekiston tomonidan 2021-yilda ratifikatsiya qilingan. Ishtirokchilar Konvensiyani amalga oshirish borasida to‘plangan tajriba, mavjud muammolar va nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish yo‘llarini muhokama qildilar.
Tadbirda JIDU Diplomatik kadrlarni qayta tayyorlash kafedrasi mudiri Odil Abdugafurovich Yusupdjanov hamda Xalqaro huquq va ommaviy huquq fanlari kafedrasi mudiri Nargiza Rashitovna Kadirova kirish so‘zlari bilan ishtirok etdilar. Uchrashuvga kafedra dotsenti Shirin Mirzayuldashevna Xamdamova moderatorlik qildi.
Davra suhbatida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakillari, O‘zbekiston Nogironlar Assotsiatsiyasi raisi Oybek Yusufbekovich Isakov, Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchilari va mustaqil ekspertlar qatnashdilar.
Xalqaro tajriba bilan Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti (RUDN) Yuridik instituti Xalqaro huquq kafedrasi mudiri o‘rinbosari Aleksandr Mixaylovich Solntsev, «Turan» universiteti vakili Viktoriya Vladimirovna Lyutsik, Kaspiy ijtimoiy universitetining «Әділет» Oliy huquq maktabi vakili Lola Furkatovna Tatarinova hamda Tadbirkorlik oliy maktabi vakili Indira Temirbekovna Musabekova o‘rtoqlashdilar.
To‘qqizta mavzuli ma’ruza doirasida Konvensiyaning O‘zbekistonda amalga oshirilishi, Autizmli shaxslar huquqlarini himoya qilishning xalqaro standartlari, ularning Qozog‘istondagi huquqiy maqomi xususiyatlari, mustaqil turmush kechirish va mahalliy hamjamiyat hayotiga qo‘shilish huquqi ko‘rib chiqildi. Nogironligi bo‘lgan bolalarning inklyuziv ta’lim olishi, sport bilan shug‘ullanish imkoniyatlari, iqlim o‘zgarishi sharoitida huquqlarni himoya qilish, shuningdek, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilishning xalqaro-huquqiy mexanizmlariga alohida e’tibor qaratildi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning o‘z huquq va manfaatlariga daxldor qarorlarni qabul qilishda to‘laqonli ishtirok etishi muhokamalarning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Ko‘rib chiqilgan masalalar Barqaror rivojlanish sohasidagi kun tartibining «Hech kimni ortda qoldirmaslik» tamoyilini aks ettiradi.
Davra suhbati uch mamlakat vakillari o‘rtasida ilmiy va amaliy tajriba almashish, kasbiy aloqalarni mustahkamlash, inson huquqlarini himoya qilish hamda BRMga erishish yo‘lidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish uchun muhim maydon bo‘ldi.



