
JIDU talabalari Hindiston madaniyati va she’riyatiga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etdilar
JIDU talabalari Hindiston madaniyati va she’riyatiga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etdilar

2026-yil 9–14-oktabr kunlari Lal Bahadur Shastri nomidagi Hindiston madaniyat markazida Hindiston mumtoz she’riyatiga bag‘ishlangan madaniy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida she’rxonlik tanlovi tashkil etilib, ishtirokchilar hindiy tilida hind mumtoz she’riyatining sara namunalarini ifodali o‘qib berdilar.
Tanlovda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) nomidan “Xalqaro munosabatlar” va “Xalqaro huquq” fakultetlarining 3-bosqich talabalari ishtirok etdilar. Tadbir Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabalari, Hindiston madaniyat markazi kurslari tinglovchilari hamda JIDU vakillarini birlashtirib, poytaxtdagi yosh hindshunoslar uchun o‘z bilim va mahoratlarini namoyish etish imkoniyatini yaratdi.
Tanlov ishtirokchilarining chiqishlari Hindiston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Smita Pant tomonidan yuqori baholandi. Elchi bo‘lajak diplomatlarning hindiy tilini chuqur egallashi O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash uchun puxta zamin yaratishini ta’kidladi. Tanlov g‘oliblari faxriy diplomlar va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
Hindiston madaniyati va an’analariga bag‘ishlangan tadbirlar turkumining davomi sifatida “Flavors of Kashmir” (“Kashmir lazzatlari”) nomli maxsus tadbir ham tashkil etildi. Unda faxriy mehmonlar qatorida dunyoga mashhur hindistonlik modelyer Ritu Beri ham ishtirok etdi. Tadbir mehmonlarni Hindistonning Kashmir mintaqasiga xos boy madaniy meros, o‘ziga xos an’analar va madaniy xususiyatlar bilan yaqindan tanishtirdi.




