
JIDUda “Hozirgi zamon islom huquqi” mavzusida mahorat darsi bo‘lib o‘tdi
JIDUda “Hozirgi zamon islom huquqi” mavzusida mahorat darsi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 11-noyabr kuni “Xalqaro huquq” fakultetining 4-kurs talabalari uchun Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti professori, yuridik fanlar doktori Yunusov Haydarali Muratovich tomonidan “Hozirgi zamon islom huquqi” mavzusida mahorat darsi tashkil etildi.
Mazkur darsning asosiy maqsadi talabalarga islom huquqi tizimining tarixiy shakllanish jarayoni, uning normativ asoslari, huquq manbalari, shuningdek, zamonaviy davlatlarning milliy qonunchilik tizimidagi o‘rni va ta’sirini chuqur o‘rgatishdan iborat bo‘ldi.
Professor Yunusov Haydarali Muratovich o‘z ma’ruzasida islom huquqining asosiy manbalarini zamonaviy huquqiy tizimlar bilan qiyoslab, ularning huquqiy mohiyatini tahlil qildi. Mahorat darsi davomida islom huquqining universal tamoyillari, inson huquqlarini himoya qilishdagi o‘rni, hamda globalizatsiya sharoitida islom huquqining rivojlanish tendensiyalari muhokama qilindi.
Tadbirda talabalarning nazariy bilimlarini mustahkamlashga qaratilgan amaliy misollar, xalqaro sud amaliyotlaridan olingan huquqiy holatlar, shuningdek, islom mamlakatlarida qabul qilingan zamonaviy qonunchilik hujjatlari tahlil qilindi.
Dars yakunida talabalar professor bilan ochiq muloqotda mavzuga oid dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar va o‘z savollariga batafsil javob oldilar. Tadbir so‘ngida islom huquqining xalqaro huquq bilan integratsiyasi, uning xalqaro huquqiy tizimdagi o‘rni va istiqbollari bo‘yicha muhim xulosalar bildirildi.




