
Oʻzbekiston — Germaniya hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Oʻzbekiston — Germaniya hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

Oliy Majlis Senati raisining birinchi oʻrinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev boshchiligidagi delegatsiya Germaniya Bundestagining GFR-Markaziy Osiyo parlamentlararo hamkorlik guruhi rahbari K. Gyorke taklifiga binoan Berlin shahrida boʻlib turibdi.
Tashrif doirasida S.Safoyev Germaniya Federal Prezidentining tashqi siyosat boʻyicha maslahatchisi Volfgang Zilberman bilan uchrashdi.
Suhbat chogʻida ikki davlat rahbarlari oʻrtasidagi ishonchli munosabatlar yuqori baholanib, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, iqtisodiy oʻsish va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotgani taʼkidlandi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Taʼlim va kasbiy tayyorgarlik sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, nemis tilini oʻrganish imkoniyatlarini rivojlantirish, ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalari ham koʻrib chiqildi.
Parlamentlararo hamkorlikni faollashtirish, parlamentlar oʻrtasidagi aloqalar va hamkorlik boʻyicha guruhlar faoliyatini kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Iqtisodiy hamkorlik doirasida “Volkswagen” va “Henkel” kompaniyalari ishtirokidagi sanoat loyihalari, investitsiyalarni jalb etish, transport va raqamli infratuzilmani rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashdagi oʻrni hamda “Markaziy Osiyo — Germaniya” formatidagi sammitlarni davom ettirish zarurligi qayd etildi.




