
JIDU rektori Qirg‘iziston parlamenti rahbari bilan uchrashdi
JIDU rektori Qirg‘iziston parlamenti rahbari bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev boshchiligidagi O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshi Torag‘asi Marlen Mamataliyev bilan uchrashdi.
Muloqotda ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy muloqotni mustahkamlash, parlamentlararo aloqalarni kengaytirish, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar tarixiy do‘stlik, umumiy qadriyatlar va o‘zaro ishonchga asoslanganini ta’kidladilar. So‘nggi yillarda oliy darajadagi muloqotlar faollashib, hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etildi. Xususan, 2026-yil 30-iyul kuni O‘zbekiston Prezidentining Qirg‘izistonga davlat tashrifi yakunida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi ikki tomonlama aloqalarni strategik asosda rivojlantirishda muhim qadam bo‘lgani ta’kidlandi.
Uchrashuvda chegaraoldi savdo hududlarini rivojlantirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, transport va energetika sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, Samarqandda o‘tkazilgan O‘zbekiston–Qirg‘iziston birinchi turizm forumining sayyohlik aloqalarini rivojlantirish va hududlararo hamkorlikni faollashtirishdagi ahamiyati qayd etildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Oliy Majlisi va Qirg‘iziston Jogorku Keneshi o‘rtasidagi hamkorlik komissiyasi faoliyatini takomillashtirish, uning yig‘ilishlarini hududlarda o‘tkazish hamda parlamentlararo muloqotni yanada faollashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
| Sana: | 10.10.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 60 |
| Ulashish: |



