
“Qalbdan qalbga” - Lider qizlar klubining TTJdagi tashabbusi
“Qalbdan qalbga” - Lider qizlar klubining TTJdagi tashabbusi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida joriy yilning 29-sentabr kuni “Lider qizlar klubi” va universitet talabalar turar joyida istiqomat qiluvchi talaba-qizlar uchun samimiy uchrashuv tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi talaba qizlarning yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishish, ular bilan ochiq muloqot qilish hamda yotoqxonada do‘stona va iliq muhitni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuv davomida “Lider qizlar klubi” a’zolari TTJ bo‘ylab tashrif buyurib, talaba qizlarning yashash sharoitlarini ko‘zdan kechirdilar va ular bilan suhbatlashdilar. Talabalarning kundalik hayoti, qiziqishlari hamda yotoqxonadagi muhit haqida fikr almashildi. Tadbirning keyingi qismi ko‘ngilochar dastur bilan davom etdi. Talabalar uchun mini-raqslar tashkil etilib, ishtirokchilar birgalikda vaqt o‘tkazdilar. Shuningdek, universitetning iqtidorli talabalari o‘zlari chaladigan cholg‘u asboblarida musiqiy ijrolar namoyish etib, tadbirga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladilar.
Mazkur tashabbus talaba qizlar o‘rtasida o‘zaro muloqot va yaqinlikni kuchaytirish, yangi tanishuvlarga imkon yaratish hamda talabalar jamoasining birdamligini mustahkamlashga xizmat qildi. Tadbir yakunida ishtirokchilar iliq taassurotlar bilan qaytdilar. “Birga - yanada chiroyli!” tashabbusi orqali universitet hayotida nafaqat ta’limiy, balki do‘stona va qo‘llab-quvvatlovchi muhitni shakllantirish muhimligi yana bir bor namoyon bo‘ldi.



