
Xalqaro huquq fakulteti talabasi Moliyaviy xavfsizlik bo‘yicha xalqaro olimpiadada ikkinchi o‘rinni egalladi
Xalqaro huquq fakulteti talabasi Moliyaviy xavfsizlik bo‘yicha xalqaro olimpiadada ikkinchi o‘rinni egalladi

2026-yil 27-sentabrdan 3-oktabrgacha Rossiya Federatsiyasining Krasnoyarsk shahrida VI Moliyaviy xavfsizlik bo‘yicha xalqaro olimpiada bo‘lib o‘tdi. Bu yil olimpiadada dunyoning 45 ta davlatidan 700 dan ortiq talaba ishtirok etdi.
Olimpiada jinoiy daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va moliyaviy tizimga tahdid soluvchi boshqa xavflarga qarshi kurashish masalalariga qiziquvchi yosh mutaxassislarni birlashtiradi. Ishtirokchilar bir nechta yo‘nalish bo‘yicha tanlov sinovlaridan o‘tib, chuqur nazariy bilim va amaliy masalalarni hal etish ko‘nikmalarini namoyish etadilar.
Xalqaro huquq va ommaviy-huquqiy fanlar kafedrasi o‘qituvchisi Uzakbaeva Naubaxar Bahadir qizi rahbarligida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Xalqaro huquq fakulteti 3-kurs talabasi Aliyev Asilbek Bahrom o‘g‘li «Yurisprudensiya» yo‘nalishi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egalladi.
Ushbu yutuq universitet talabalarining yuqori darajada tayyorgarlikka ega ekanligini hamda kafedra professor-o‘qituvchilarining yuksak malakasini tasdiqlaydi. Fakultet jamoasi Naubaxar Baxadir qizi va Asilbekni munosib muvaffaqiyat bilan tabriklab, ularga xalqaro tanlovlarda yangi g‘alabalar tilaydi!




