
JIDU markazi Ma’muriy sud ishlarini yuritish kodeksining yangi tahriri loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etdi
JIDU markazi Ma’muriy sud ishlarini yuritish kodeksining yangi tahriri loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etdi

JIDU qoshidagi Isa Xamedov nomidagi Davlat qurilishi va ommaviy huquq markazi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rahbariyatining taklifiga binoan Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning yangi tahriri loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etdi.
Hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlangan Konsepsiya asosida tayyorlandi.
Markaz kodeksdagi muhim yangiliklardan biri — O‘zbekistonda ma’muriy sud ishlarini yuritishda da’vo institutini joriy etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishda faol qatnashdi. Mazkur institut ma’muriy organlarning qarorlari va harakatlari ustidan sud nazoratini yanada samarali amalga oshirish, shuningdek, manfaatdor shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Shu maqsadda sudga murojaat qilishning besh turdagi da’vo shaklini joriy etish taklif etilmoqda. Markazning mazkur yo‘nalishdagi faoliyati GIZning O‘zbekistondagi “Good Governance” dasturi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Kodeks loyihasi hamda unda nazarda tutilgan yangi huquqiy institutlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdim etilib, ma’qullandi. Keyingi bosqichda Oliy sud tomonidan qonun loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish rejalashtirilgan.



