JIDU talabasi Koloradodagi (AQSH) yozgi amaliyot dasturida ishtirok etdi

JIDU talabasi Koloradodagi (AQSH) yozgi amaliyot dasturida ishtirok etdi

    JIDU talabasi Koloradodagi (AQSH) yozgi amaliyot dasturida ishtirok etdi

    JIDU talabasi Koloradodagi (AQSH) yozgi amaliyot dasturida ishtirok etdi

    Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) Amerika Qo‘shma Shtatlarining yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirishda davom etmoqda. Ushbu yo‘nalish doirasida Xalqaro iqtisodiyot va menejment fakulteti 3-bosqich talabasi Asrorxon Sattorov Kolorado shtati universitetida (Colorado State University, CSU) bir oylik yozgi ilmiy amaliyot dasturida ishtirok etdi.

    2025-yil 16-iyundan 13-iyulgacha bo‘lib o‘tgan ushbu amaliyot davomida A. Sattorov Kolorado shtati universitetining Biznes maktabida ilmiy tadqiqotlarda faol ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ilmiy rahbarlar va professorlar rahbarligida u ma’lumotlarni tahlil qilish, tadbirkorlik, yetakchilik va boshqa biznes fanlari bo‘yicha chuqur bilimlarga ega bo‘ldi. Dasturda turli mamlakatlardan kelgan talabalar ishtirok etgani xalqaro tajriba almashinuvi va madaniy hamda akademik bilimlarning kengayishiga xizmat qildi.

    Amaliyot doirasida Asrorxon Sattorov Axborot tizimlari markazida (CIS) intensiv o‘quv kursini ham muvaffaqiyatli yakunladi. Dasturda ma’lumotlarni tayyorlash va ularni vizuallashtirish, regressiya tahlili, prognozlash, mashinaviy o‘rganish usullari, Monte-Karlo simulyatsiyasi hamda biznesda sun’iy intellekt asoslari kabi mavzulardagi ma’ruzalar va amaliy mashg‘ulotlar o‘rin oldi.

    U shuningdek CSU professorlari tomonidan o‘tkazilgan bir qator ilmiy seminarlar, jumladan tadqiqot metodologiyasi, ma’lumot to‘plash, ilmiy maqola yozish va nashrga tayyorlash bo‘yicha muhokamalarda ishtirok etdi.

    Asrorxon Charles Schwab, JBS Foods va Ball Corporation kabi yetakchi Amerika kompaniyalari vakillari bilan bevosita muloqotda bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ushbu uchrashuvlar biznesdagi real tahliliy yondashuvlar bilan tanishishga yordam berdi va uning xalqaro biznes muhiti haqidagi tasavvurini kengaytirdi.

    Dastur yakunida Sattorov issiq ob-havoning tadbirkorlik faoliyatiga ta’siri mavzusida o‘z tadqiqot g‘oyasini taqdim etdi. Uning ishi professorlar va dastur qatnashchilari tomonidan ijobiy baholandi.

    Mazkur imkoniyat JIDUning nufuzli Amerika universitetlari bilan barqaror akademik aloqalarni mustahkamlash strategiyasining bir qismidir. Jumladan, joriy yilda JIDU delegatsiyasi 2025-yil 1–8-mart kunlari Xyuston shahrida bo‘lib o‘tgan AIEA 2025 (The Association of International Education Administrators) yillik konferensiyasida ishtirok etdi. Konferensiya doirasida Kolorado shtati universiteti bilan ushbu yozgi amaliyot dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

    Bunday dasturlar talabalarni amaliy ko‘nikmalar bilan ta’minlashdan tashqari, ularga xalqaro hamkorlik va madaniy almashuv tajribasini ham beradi. Kelajakda JIDU o‘z talabalari uchun shunday imkoniyatlarni kengaytirishni, ularni global ilmiy maydonda mustahkam o‘rin egallashlari uchun zarur sharoitlar yaratishni rejalashtirmoqda.