
JIDUda “Yumshoq kuch diplomatiyasi” mavzusida ilk mahorat darsi o‘tkazildi
JIDUda “Yumshoq kuch diplomatiyasi” mavzusida ilk mahorat darsi o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan so‘zlagan nutqida ta’kidlangan “Milliy dastur”ning mazmun-mohiyatini talabalarga yetkazish, uning ahamiyatini keng targ‘ib qilish, shuningdek, yoshlarning ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirish maqsadida 25-sentabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Yumshoq kuch diplomatiyasi” mavzusida mahorat darsi tashkil etildi.
Tadbir Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti dotsenti Shaxnoza Amirova tomonidan tashkil etilib, mazkur yo‘nalishdagi mahorat darslarining debyut o‘quv kursi sifatida muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
O‘quv kursi davomida ishtirokchilarga “yumshoq kuch diplomatiyasi” tushunchasi, uning zamonaviy xalqaro munosabatlardagi o‘rni va ahamiyati, shuningdek, diplomatik faoliyatda undan samarali foydalanishning zamonaviy yondashuvlari haqida ma’lumotlar berildi.
Nazariy bilimlar amaliy mashg‘ulotlar, ochiq muhokamalar va savol-javoblar bilan uyg‘unlashtirilib, talabalarning faol ishtiroki ta’minlandi. Bu esa ishtirokchilarga olgan bilimlarini amaliy jihatdan mustahkamlash, yangi yondashuvlar bilan tanishish hamda o‘zaro tajriba almashish imkonini berdi.
Mazkur mahorat darsining tashkil etilishi nafaqat yangi bilimlarni o‘zlashtirish, balki talabalar o‘rtasida tajriba almashish, kasbiy muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish va zamonaviy ta’lim yondashuvlarini ommalashtirish nuqtayi nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etdi.
Sh.Amirovaning mahorat darslari doirasida yo‘lga qo‘yilgan ushbu tashabbus kelgusida o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarni yanada takomillashtirish, talabalarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish va ilg‘or tajribalarni keng ommalashtirishga xizmat qiladi.
Debyut o‘quv kursining muvaffaqiyatli o‘tkazilgani mazkur yo‘nalishdagi ishlarni izchil davom ettirish uchun muhim zamin yaratdi. Kelgusida mahorat darslarini oyiga ikki marotaba tashkil etish rejalashtirilgan.
Universitet talabalari uchun bunday mahorat darslari professional rivojlanish, tajriba almashish va ta’lim jarayoniga yangi g‘oyalarni olib kirishning samarali vositalaridan biri bo‘lib xizmat qiladi.




