
JIDUda Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
JIDUda Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2026-yil 9-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi (XIFA) professor-o‘qituvchilaridan iborat delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Universitetdagi Si Szinpin xonasida tashkil etilgan mazkur tadbir akademik muloqotni rivojlantirish, xalqaro munosabatlarning dolzarb masalalari yuzasidan ekspert fikrlarini almashish, shuningdek, ikki muassasa o‘rtasidagi ilmiy-ta’limiy hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollarini muhokama qilishga qaratildi.
Uchrashuv doirasida ilmiy-amaliy seminar tashkil etilib, unda Xitoy Xalq Respublikasi tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining zamonaviy tendensiyalari, shuningdek, Xitoyning xalqaro munosabatlar va jahon savdosidagi roli muhokama qilindi.
Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish hamda mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, ishtirokchilar Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi loyihasining strategik ahamiyati, uning savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, mintaqaning tranzit salohiyatini oshirish va yangi transport yo‘nalishlarini shakllantirishdagi istiqbollarini ko‘rib chiqdilar.
Uchrashuvning muhim yo‘nalishlaridan biri JIDU va XIFA o‘rtasidagi institutsional hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish bo‘ldi. Tomonlar qo‘shma xalqaro ilmiy konferensiyalar, ekspertlik muhokamalari va ilmiy-amaliy seminarlar tashkil etish, shuningdek, akademik almashinuv dasturlarini rivojlantirish hamda ikki muassasa professor-o‘qituvchilari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Tadbir yakunida ishtirokchilar konstruktiv muloqotni davom ettirish, ta’lim va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Mazkur uchrashuv ekspert fikrlarini almashish, akademik aloqalarni mustahkamlash hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti va Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi o‘rtasidagi hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi.



