
JIDUda “Zakovat” turnirining universitet bosqichi oʻtkazildi
JIDUda “Zakovat” turnirining universitet bosqichi oʻtkazildi

Joriy yilning 19-sentabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida talabalar oʻrtasida “Zakovat” intellektual oʻyinining universitet bosqichi boʻlib oʻtdi.
Tanlovga universitetning barcha fakultetlari va kurslaridan 450 ta jamoa roʻyxatdan oʻtdi. Bu koʻrsatkich talabalarning intellektual salohiyatini namoyish etishga, bilim va tafakkurni sinovdan oʻtkazishga boʻlgan yuksak qiziqishidan dalolat beradi.
Tadbirni JIDU Besh muhim tashabbus markazi rahbari Qurbonov Aziz ochib berdi. U oʻz nutqida yoshlarning maʼnaviy-maʼrifiy dunyoqarashini yuksaltirish, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda ilm-fanga boʻlgan qiziqishini oshirishda bunday intellektual oʻyinlarning ahamiyati katta ekanini taʼkidladi.
Oʻyin belgilangan reglament asosida bosqichma-bosqich tashkil etildi. Jamoalar tarix, siyosatshunoslik, iqtisodiyot, xalqaro munosabatlar, adabiyot va umumiy bilim yoʻnalishlaridagi savollarga javob berib, oʻz bilimi, mantiqiy fikrlashi va jamoaviy ishlash koʻnikmalarini namoyish etdi.
Universitet bosqichida gʻolib va sovrindor oʻrinlarni egallagan jamoalar universitet tomonidan taqdirlandilar.
Tadbir talabalar oʻrtasida yuksak ruh va faol ishtirok muhitida oʻtdi.



