
JIDUda Raqamli texnologiyalar vazirligining Sun’iy intellekt departamenti boshlig‘i ma’ruza qildi
JIDUda Raqamli texnologiyalar vazirligining Sun’iy intellekt departamenti boshlig‘i ma’ruza qildi

Joriy yilning 15-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Zamonaviy xalqaro munosabatlar, jahon iqtisodiyoti va O‘zbekiston manfaatlari” kursi doirasida talabalar uchun “AI and Industry 4.0: The Fourth Industrial Revolution and Digital Diplomacy” mavzusida ochiq ma’ruza o‘tkazildi. Unda Raqamli texnologiyalar vazirligining Sun’iy intellekt departamenti boshlig‘i Sarvarbek Sadullayev spiker sifatida ishtirok etdi.
Ma’ruza O‘zbekistonda raqamli transformatsiyada sun’iy intellekt va texnologiyalarning o‘rni, raqamli diplomatiyani mustahkamlash va bilimlar iqtisodiyotini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi. S.Sadullayev davlat tashabbuslari va loyihalari - sun’iy intellekt infratuzilmasini yaratishdan (jumladan, superkompyuter va 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan 86 ta tashabbus) tortib, kadrlar tayyorlash dasturlari va startap ekotizimini rivojlantirishgacha bo‘lgan loyihalar haqida ma’lumot berdi.
Ma’ruzachi sun’iy intellektni sog‘liqni saqlash, energetika va davlat boshqaruvida amaliy qo‘llash, yosh mutaxassislarga qo‘yiladigan talablar, amaliyot o‘tash imkoniyatlari haqida o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Ma’ruza yakunida savol-javob sessiyasi o‘tkazildi. Talabalarning savollariga S.Sadullayev batafsil javob berdi, karyera bo‘yicha tavsiyalar bilan o‘rtoqlashdi va yosh mutaxassislarni ta’lim platformalari hamda akseleratsiya dasturlariga qo‘shilishga taklif etdi.