
JIDUda Adham Rasulov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi
JIDUda Adham Rasulov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi

2026-yil 24-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida universitet dotsenti, diplomat va tajribali ustoz Adham G‘ofurovich Rasulov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda diplomatik korpus vakillari, taniqli olimlar, hamkasblar, universitet professor-o‘qituvchilari, bitiruvchilari va talabalari, shuningdek, yubilyarning yaqinlari hamda shogirdlari ishtirok etdi.
Tantanali uchrashuv Adham Rasulovning ko‘p yillik kasbiy faoliyati, diplomatik xizmat rivojiga qo‘shgan hissasi, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash va yosh avlodni tarbiyalash borasidagi xizmatlarini e’tirof etishga bag‘ishlandi.
Tadbir davomida yubilyarning hayot yo‘li, kasbiy faoliyati va erishgan yutuqlariga bag‘ishlangan videolavha namoyish etildi. Mehmonlar uning tarjimayi holidagi muhim bosqichlar, diplomatiya va oliy ta’lim rivojiga qo‘shgan hissasi bilan yaqindan tanishdilar.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev tabrik nutqi bilan so‘zga chiqdi. U o‘z nutqida yubilyarning kasbiy xizmatlari, tanlagan sohasiga sadoqati hamda bo‘lajak diplomatlarni tayyorlashdagi muhim o‘rnini alohida ta’kidladi.
Tantanali tadbirning muhim lahzalaridan biri yubilyarni taqdirlash marosimi bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev Adham Rasulovga uning ko‘p yillik samarali faoliyati va O‘zbekiston diplomatik xizmati rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasi e’tirofi sifatida “Diplomatik xizmat fidoyisi” ko‘krak nishonini topshirdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher Agzamxo‘jayev ham tabrik nutqi bilan ishtirok etdi. U yubilyarni 80 yoshlik tavallud ayyomi bilan samimiy qutladi.
Yubilyar sha’niga samimiy tabrik va minnatdorlik so‘zlari MDH Bosh kotibining o‘rinbosari, o‘zbekistonlik diplomat Ilhomjon Ne’matov, shuningdek, hamkasblar, shogirdlar va akademik hamjamiyat vakillari tomonidan ham bildirildi.
Dasturda xorijiy davlatlarda faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston elchilarining videomurojaatlari alohida o‘rin egalladi. Ularda yubilyarga samimiy minnatdorlik izhor etilib, mustahkam sog‘liq, farovonlik va uzoq umr tilaklari bildirildi.
Uchrashuv doirasida kitobning qisqacha taqdimoti ham o‘tkazildi. Ishtirokchilar Adham Rasulov bilan birgalikdagi faoliyatiga oid xotiralari bilan o‘rtoqlashib, uning yuksak insoniy fazilatlari, boy kasbiy tajribasi va ustozlik faoliyatini alohida e’tirof etdilar.
O‘z navbatida, yubilyar universitet rahbariyati, hamkasblari, do‘stlari va barcha ishtirokchilarga ko‘rsatilgan e’tibor, samimiy tabriklar hamda ko‘p yillik qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorlik bildirdi.
Tantanali dastur badiiy qism bilan davom etdi. Mehmonlar uchun yubilyarning qizi Lola Rasulova fortepianoda musiqiy asar ijro etdi. Musiqiy chiqishlar tadbirga o‘zgacha samimiy va ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Tantanali uchrashuv iliq va do‘stona muhitda o‘tib, ilm-fan, ta’lim va diplomatiya sohalariga ko‘p yillik fidokorona xizmat qilishning yuksak ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi.



